“Rassrochka” epidemiyasi
Keyingi yillarda zamonaviy smartfonlar, noutbuklar va boshqa texnologiyalar yoshlar hayotining ajralmas qismiga aylanib bormoqda. Bu talablarning ortishi ularni xarid qilish imkoniyatlari cheklangan holda muddatli to'lovlarga, ya'ni “rassrochka” (bo'lib to'lash)ga murojaat qilish zaruratini yuzaga keltiradi. Garchi bu tendentsiya ko'pchilikka zamonaviy texnologiyalarga erta ega bo'lish imkoniyatini berayotgan bo'lsa ham, uning ijtimoiy va psixologik oqibatlari juda jiddiy.
Tengdoshlarim orasida qimmatbaho telefonlarga “muvaffaqiyat” va “mashhurlik” ramzi, qaysi rusumdagi telefon ishlatish, kishining statusini belgilab beradi, degan qarashlar ommalashgan. Ko'pgina davlatlarda moliyaviy muassasalar va kredit kompaniyalari yoshlarga arzon muddatli to'lovlarni taklif qilishadi. Bu esa ularni qarz olish va moliyaviy imkoniyatlari chegarasidan oshib ketishga undaydi. Yoshlarning ijtimoiy tarmoqlarda ko'rgan “muvaffaqiyatli” hayot ta'siri ularga o'zlarining yutuqlari va mol-mulklari orqali tengdoshlari bilan raqobatlashishga undaydi. Oqibatda qimmatbaho gadjetga “xushtorlik” kuchaydi.
Global miqyosda reklama kampaniyalari yoshlarning “xarid qilish” mentalitetini shakllantirishda muhim rol o'ynaydi. Brendlar o'z mahsulotlarini “muvaffaqiyat” va “baxtiyorlik” ramzi sifatida taqdim etishadi. Kompaniyalar yoshlarni zamonaviy gadjetlarga jalb qilish uchun reklamaga katta mablag' sarflamoqda. Buning natijasida ayrim yoshlar moliyaviy imkoniyatlarga ega bo'lmagan holda, “rassrochka”ga murojaat qilishadi. O'zlarini qarzga bog'lash, so'ngra to'lashga qiynalish xavfini esa hisobga olishmaydi. Qiziqqonlik bilan xarid qilingan gadjetlarga ba'zi hollarda “rassrochka” puli to'languniga qadar ehtiyotsizlik tufayli zarar yetishi hollari ham uchrab turibdi. Oqibatda sotuvchi va xaridor o'rtasida kelshmovchiliklar yuzaga keladi.
Buning isbotini bir tengdoshim misolida ko'rishimiz mumkin. To'lov kontrakti asosida tahsil oladigan tengdoshim yiliga 13 mln so'm shartnoma puli bilan birga, oyiga 900 ming so'm ijara haqqi to'laydi. Bundan tashqari, oziq-ovqat, transport va kundalik ehtiyojlar uchun ham anchagina pul sarf qilishi tabiiy. Shundoq ham darsdan so'ng kafeda ishlaydigan tanishimizning davomat ko'rsatgichi past va o'zlashtirish darajasi ham qoniqarli emasdi. Shunday kunlarning birida u Iphone 15 Pro Max telefonini muddatli to'lov evaziga olganligi ma'lum bo'ldi. Qanday qilib xarid qilganligini so'raganimizda, avvalgi SamsungA14 telefonini yangisi evaziga bergani, bundan tashqari bir yil muddatga oyiga 1 mln so'mdan to'lov qilib turishini aytdi. Oradan ko'p o'tmay “yangi” telefonda simkarta bilan bog'liq muammo yuzaga kelgani, sotuvchiga borsa hech narsa qilib berolmasligini va qo'shimcha tarzda oylik to'lovini tezlashtirishini aytgani ma'lum bo'ldi. Ha, endi unda yaxshi ishlab turgan o'zining Samsung telefoni ham yo'q edi, aksincha, har oy shaxsiy xarajatlarida tashqari 1 mln so'mdan “simkartasiz” telefon uchun to'lov summasi bor edi. Boshqa tarafdan uy egasi har kuni ijara haqqini so'rar, qolaversa sovuq yaqinlashyapti, issiq kiyimlar xarid qilishi kerak edi. Ota-onasidan pul so'ray desa, o'g'il bola, g'ururi yo'l qo'ymaydi. O'qishga bo'lgan e'tibor esa kundan kunga susayib boryapti. Bu holni kuzatar ekanman, “rassrochka” yoshlarni zamonaviy gadjetlarga erta ega bo'lish imkoniyatini berishi bilan birga, yoshlarning ayni ilm o'rganib, yangi qirralarini zabt etadigan davrida qanchalik salbiy oqibatlarga olib kelyotganligining ham guvohi bo'laman.
Yuqoridagi kabi yoshlarning to'lovlarni vaqtida bajarishga qiynalishlari ularni psixologik siqilish, mas'uliyatsizlik, hatto o'ziga nisbatan salbiy munosabatda bo'lishga olib kelishi mumkin. Bundan tashqari, to'lovlarni bajara olmaslik ota-onalar bilan mojarolarga olib kelishi tabiiy, bu esa oilaviy munosabatlarga salbiy ta'sir ko'rsatadi.
“Rassrochka” yoshlarning o'qishga kontsentratsiyalanishiga salbiy ta'sir ko'rsatadi, chunki ular to'lovlarni bajarish uchun qo'shimcha ish qilishga majbur bo'lishadi. Ba'zi hollarda yoshlar o'z qarzlarini to'lay olmay qolish xavfini yuzaga keltiradi va bu esa qarzdorlik muammosini rivojlanishiga olib kelishi mumkin.
Tengdoshlarimga shunday murajaat qilgim keldi, bugun siz ilm olish yo'lida izlanyapsizmi, yoki “mashhurlik istab” qimmatbaho telefonlar sotib olish evaziga bor kuch va g'ayratingizni tun-u kun ishlab “rassrochka”ga to'layapsizmi? Maqsadlar va qilinayotgan barcha harakatlar aslida ta'lim olishga qaratilishi kerakmasmidi? Oltin davrimizni, qaytmas yoshligimizni arzimas, o'tkinchi matohlarga bog'lab qo'yishimiz to'g'rimikan? Vaqt – ne'mat, yoshlik – g'animatdir. Ko'zimiz ko'rar, fahmimiz yetar ekan, talabalik davrimizni g'animat bilib, keraksiz narsalarga e'tibor qaratmaylik. Kelajak uchun foyda koni bo'ladigan ilmlarni o'rgansak va tengdoshlarimizni ham shunga jalb qilsak maqsadga muvofiq bo'lardi.
Mashhura JO'RAQULOVA
ishonch.uz



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0