DOIMIY TELEFON KOVLASh ODOBSIZLIK YOKI OJIZLIK?
Ikki-uch yil oldin Rossiyada ishlaydigan jiyanim videolavha jo'natdi. U metroda ketayotganini tashlagan edi. Ne ajabki, metropoliten vagonidagi barcha yo'lovchi telefon kovlab ketardi. Bu manzara meni hayron qoldirdi. “Rossiyada hamma telefon jinnisi ekan-ku”, degandim jiyanimga hazillashib. Ammo qisqa fursatda bu holat o'zimizga ham kirib keldiki, hozir bunga hech kim ajablanmay ham qo'ydi.
Hozir hammaning qo'lida telefon. Metroda, avtobusda, do'konlar-u bozorlarda ham. Hattoki, darslarda, dasturxon bo'yida ham ahvol shu bo'lganini qanday oqlash mumkin? Bu odobga to'g'ri keladimi yoki zamonaviylikka?
E'tibor bersak, yoshlar o'rtasidagi ajrimlarning ko'payishi, turli aldam-qaldam harakatlar, firibgarlar tuzoqlari, ignaday gapning tuyaday bo'lib tarqalishi, barchasining ortida shu telefonning ham “hissasi” katta ekan. Shuning uchun aholi o'rtasida telefonga nisbatan salbiy fikrlar ko'p. Ba'zan o'zimda ham shunaqa salbiy mulohazalar paydo bo'lib qoladi. Lekin telefon aslida salbiy fikrlar sababchisi emas. Odamlarning o'zi aybdor, telefonni xohlagancha ekspluatatsiya qilishmoqda. Har bir narsaga telefonni aybdor qilib, o'zlari uning panasiga o'tishmoqda. Telefon nima qilsin, biz kim bo'lsak,telefonimiz ham biz bo'ladi-da.
Dunyoviy jamiyatimiz odamlari taraqqiy etibdi-yu, lekin ba'zan ma'naviy tubanlikka ham qarab ketayotganimiz sir emas. Bunda barcha barobar emas, albatta.
Telefonning farzandlarimiz hayotidagi roliga kelsak, bu ular uchun mo''jiza misoli juda qiziq. Bolalar qalbi toza, samimiy bo'lgani uchun telefonning zararlari, salbiy taraflarini tushuna olishmaydi. Qanday holatda foydalanishsa ham, kattalardan farqli ravishda bolalar begunoh.
Ammo birinchi o'rinda inson sog'ligiga telefon nurlanishining yomon ta'sirini esdan chiqarmaslik lozim. To'lqinlarning ko'z nuri, bosh miyadagi xujayralar faoliyatiga zararli ta'siri bo'lib, turli xildagi kasalliklarni keltirib chiqarishi mumkin. Bunda ko'z nurining pasayishi, miyaning organik kasalliklari, ruhiy xastaliklar kelib chiqadi.
Ikkinchidan, bola psixologiyasi o'zgaradi va uning tarbiyasiga ham salbiy ta'siri bor. U hattoki mehrni ham telefondan olishga harakat qiladi. Kelajakda bemehr farzandlar yetishib chiqsa, biz buning sababini izlay boshlaymiz. Agarki, kelajagimiz telefon bilan kuchli tarzda bog'lanib qolar ekan, biz insoniyatning asl qiyofasi, xarakterini yo'qotamiz. Bu juda yomon narsa.
Farzandlarim ham telefondan foydalanishga harakat qiladi. Lekin bolalarimning telefonga bog'lanib qolishidan qo'rqaman. Shuning uchun faqat qarindoshlar bilan so'zlashib olishiga ruxsat beraman. Bu matohni bemalol berib qo'ya olmayman. Menimcha, bu holat barcha oilalarda bor.
Fikrimcha, qattiq taqiqlangan narsa barcha uchun qiziq tuyuladi va hamma shu narsaga ega bo'lishga yoki uni bilishga harakat qiladi. Shuning uchun iloji boricha farzandlarimizga telefonning salbiy taraflarini qayta va qayta o'rgatishimiz kerak. Ayniqsa maktablarda “sensor” telefonlarni butunlay taqiqlash zarur.
5-6 sinfdan bolalar ulg'aya boshlaydi, o'smirlik davriga qadam qo'yadi. Ularga darsliklardan ko'ra telefondagi turli mavzular qiziqarliroq. Ayniqsa, jangari va fahshni targ'ib qiluvchi fil'mlar, roliklar juda qiziq tuyuladi. Bolalarning burchak-burchaklarda to'planib, telefon tomosha qilayotganini ko'rib qolaman. Shunda ota-onalardan xafa bo'lib ketaman: “Nega yosh bolalarga “sensor” telefon berib qo'yishibdi? Nega ularning tarbiyasiga bunchalar befarq bo'lishmoqda?
O'qituvchilar telefonni maktabda taqiqlashsa, ota-onalar bolasini himoya qiladi. Kerak bo'lsa, bolasiga eng qimmat narxli so'nggi rusumdagi telefonni olib bergan ota-onalar bor. Ammo ular buning oqibatini o'ylashmaydi.
Hozir-ku o'tadi, ertaga nima bo'ladi? Shifokorman, mutaxassisman. Taxminimcha, kelajakda ota-ona tarbiyasi o'rniga telefon tarbiya qilgan yangi avlod shakllanadi. Shundan qo'rqamanki, ularning ko'pchiligi bemehr va tajovuzkor bo'lishadi.
Bir vaqtlar momom rahmatli aytardilar: “Bir zamonlar kelib, bir ko'zli dajjol kelarkan. Unga uyida o'tirgan soliha qiz va etikdo'zdan boshqa hamma, hatto bolalar ham ergashib ketarkan...”
Telefonlarga qarab, “Shu dajjol keldimikan”, deya yuragimni vahm bosadi...
Fikrimga siz nima deysiz, aziz zamondosh?
Bibixon JUMAEVA, Nishon tumani
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0