Hech kimga foyda keltirmagan mojaro: milliondan ortiq kishining yostig'ini quritgan Iroq-Eron urushi
Aslida har qanday urush na uni boshlagan kuchga, na boshqasiga foyda keltiradi. Bu muhoraba Ikkinchi jahon urushidan keyingi eng dahshatli voqealardan biri edi. Iroq rahbari Saddam Husaynning ambitsiyalari mamlakat boshiga yirik kulfatni keltirdi. Raqamlarga ko'ra, sakkiz yillik janglarda milliondan oshiq kishining yostig'i qurigan. Amalda esa ikki tomon ham aytarli muvaffaqiyatga erisha olmadi. Сhegaralar o'zgarishsiz qoldi. Urushning o'zi esa oddiy aholi qalbida og'ir jarohat qoldirdi, xolos.
1979-yilda Eronda inqilob ro'y berdi. Mazkur inqilob arab davlatlarida xavotir uyg'otdi. Bu narsa birinchi navbatda Eron bilan katta chegaraga ega bo'lgan Iroqni ham chetlab o'tmadi…
Bu paytda cheklanmagan hokimiyatga ega bo'lgan prezident Saddam Husayn kuchli armiyaga ega edi. Paytdan foydalanib, u Eron bilan chegaradagi hududiy nizolarni urush yo'li bilan hal qilib olmoqchi bo'ldi. 1980-yil 22-sentyabrda Iroq armiyasi bahsli hudud bo'lgan Shatt al-Arab daryosidan o'tib, Eronga bostirib kirdi. XX asrning ikkinchi yarmidagi yirik va eng uzoq davom etgan urushlardan biri boshlandi. Sakkiz yillik qurolli to'qnashuvlar davomida ikkala davlat ham o'z aholisining 1,3 foizini yo'qotdi va ularning iqtisodiyoti katta zarar ko'rdi. Iroq va Eron rahbarlari Yaqin Sharqning super qudrati bo'lish uchun kurashda o'z xalqiga faqat azob-uqubat olib keldi va ularni og'ir inqirozga solib qo'ydi.
Urush garchi Iroq rahbariyatining bosqini bilan boshlangan bo'lsa-da, uning mohiyatida har bir tomonning Yaqin Sharqda birinchi raqamli kuchga aylanish istagi yotardi. Bundan tashqari, neft har ikki davlat uchun asosiy daromad manbai sifatida muhim rol o'ynadi. Iroq Fors ko'rfazidagi eng kuchli armiyaga ega bo'lib, neftga boy, arab millatiga mansub aholisi ko'p bo'lgan Xuziston viloyati ustidan nazorat o'rnatmoqchi edi va davlatlar o'rtasidagi chegaralarni belgilovchi kelishuvlarni o'z foydasiga qayta ko'rib chiqmoqchi edi. |
Saddam Husayn 1979-yilda Iroq prezidenti lavozimiga kirishgach, Erondan Abu Muso, Kichik Tunb va Katta Tunb orollarini BAAga qaytarishni va Eron hududida yashovchi balujlar, kurdlar va arablarga avtonom huquqlar berishni talab qildi. Husayn Misrning sobiq prezidenti Jamol Abdul Nosirning muvaffaqiyatlariga da'vo qilib, Iroqning arab va Uchinchi dunyodagi maxsus missiyasi haqida gapirardi.
Eron, o'z navbatida, Saddam rejimini yo'q qilish, Iroqqa inqilobni eksport qilish va uzoq muddatda shialar yetakchiligidagi davlatlar kamarini yaratish maqsadini ko'zlagandi: bu kamar Iroq - Suriya – Livan ko'rinishida bo'lishi lozim edi. 1980-yil 17-sentyabrda Iroq Eron bilan imzolangan 1975-yildagi Jazoir shartnomasini rasman bekor qildi, bu shartnoma Shatt al-Arab daryosi bo'ylab suv yo'lini chegaralardi. Ikki kundan keyin Saudiya Arabistoni, Quvayt, Bahrayn, Qatar va BAA Iroqqa Eronga qarshi harbiy amaliyotini qo'llab-quvvatlash uchun 14 milliard dollar ajratishga kelishib oldi.
Bu davlatlar Iroqqa o'z havo bazalari va tegishli infratuzilmalaridan foydalanishga ruxsat berdi. Bag'dodga yordam bergan AQSh va SSSR ham bilvosita bu mojaroga tortildi. AQSh Eron rejimi bilan ochiq dushman edi, rasmiy Tehron kommunistik partiyani taqiqlab qo'ygach sovetlar ham Saddam Husaynga yordam bera boshladi.
Hujumning birinchi to'lqinida iroqliklar 100 mingga yaqin askar, 1600 tank va 2000 zirhli texnikaga ega edi. Eronliklar dastlab 25 000 ga yaqin askar, 800 ta tank va 600 ta zirhli texnikani maydonga tushirishdi. Birinchi yirik to'qnashuv 22 sentyabrdan 23 sentyabrga o'tar kechasi Qasri Shirin uchun bo'lgan jang bo'ldi. Ko'cha janglari paytida iroqliklardan artilleriya, aviatsiya va tanklarning yordamiga qaramay, 100 kishi halok bo'ldi va 300 kishi yaralandi. Frontning ushbu qismida iroqliklar qattiq qarshilikka uchrab, uch kun ichida Eron hududiga 50 kilometr yurishga muvaffaq bo'lishdi.
Urush boshida Iroqning muvaffaqiyatli hujumi Fors ko'rfazi monarxiyalarini Husaynning mintaqadagi o'sib borayotgan mavqeidan xavotirlanishga majbur qildi. Ammo strategik tashabbus tez orada Eronga o'ta boshladi. Iroqning shiddati tugab borayotganini anglagan Saddam 28 sentyabr kuni dushmanga Shatt al-Arab daryosi va Iroq bosib olgan hududlarga bo'lgan da'volaridan voz kechish sharti bilan sulh taklif qildi, shuningdek, 1-oktyabrdan boshlab bir tomonlama sulh e'lon qildi. Bu urush maqsadlariga shubha bilan qaragan iroqlik askarlarning ruhiyatiga salbiy ta'sir ko'rsatdi. 30-sentyabr kuni Eron tomoni qarshi talablarni ilgari surdi: Husaynning iste'fosi, Iroq tovon puli to'lashi va rasmiy uzr so'rashi, tovon to'lash vaqtida Basrani Eron nazoratiga o'tkazishi va Iroq Kurdistonining maqomi bo'yicha referendum o'tkazish. Saddam Husayn bu talablarda toqat qila olmasdi. Tabiiyki, mazkur talablardan so'ng Bag'dod va Tehron o'rtasidagi keyingi muzokaralar imkonsiz bo'lib qoldi.
Tez orada Iroq hujumining ikkinchi to'lqini boshlandi. 14-oktyabrda iroqliklar Obodon shahrini qamal qilishni boshladilar. “Eron Stalingradi”dagi og'ir ko'cha janglari paytida ular 2000 askarni yo'qotdilar va 6000 kishi yaralandi, Eron tomonida esa 1500 kishi halok bo'ldi. Og'ir yo'qotishlar Iroq qo'mondonligini Obodonni egallashdan voz kechishga majbur qildi.
Kampaniya umuman Husayn o'ylagandek bo'lmadi. Iroqliklar nishonga olingan shaharlarning birortasini qo'lga kirita olmadi, Eron esa 28-29 noyabr kunlari Basra hududida Iroq iqtisodiyoti uchun muhim ahamiyatga ega bo'lgan neft terminallarini yo'q qilish bo'yicha muvaffaqiyatli operatsiya o'tkazdi va dushman flotiga katta zarar yetkazdi. Biroq 1981-yil boshida Eronning qarshi hujumga urinishi muvaffaqiyatsiz yakunlandi. Urush u yoki bu tomonning o'zgaruvchan mahalliy muvaffaqiyatlari bilan pozitsion xususiyatga ega bo'lib qoldi. Shu bilan birga, Tehron o'z dushmaniga homiylik qilgan arab davlatlaridan “qasos oldi”. 1981-yil oktyabr oyida Eron havo kuchlari Quvaytdagi neftni qayta ishlash zavodiga hujum qildi. Bahraynda esa Eron shia tarafdori tashviqotini kuchaytirib, rejimni ag'darishga urinishlarga olib keldi. 1982-yil mart oyida Iroq Eronning Xuziston viloyatida ilgari qo'lga olingan Dezful shahri ustidan nazoratni yo'qotdi.
1981-yil dekabr oyida Quvayt va Suriya harbiy harakatlarni to'xtatish va diplomatik kelishuvni faollashtirishni talab qildi. Biroq Iroq Suriyani vositachi sifatida qabul qilishdan bosh tortdi, chunki u Eronni qo'llab-quvvatladi, Saddam Husayn o'z navbatida bu taklifni Iroq armiyasining yakuniy mag'lubiyatini oldini olishga urinish sifatida ko'rib, rad etdi.
“Eron-Iroq urushi Sovuq urushning so'nggi yirik mojarosi (bir milliondan ortiq o'lgan) va yigirmanchi asrning ikkinchi yarmidagi eng uzoq davom etgan qurolli to'qnashuvlardan biri bo'ldi. O'zining ko'lami, davomiyligi va qurbonlar soni bo'yicha u Koreya va V'etnam urushlari bilan bir qatorda yigirmanchi asrning ikkinchi yarmidagi uchta eng yirik mahalliy urushlardan biridir. “Eron-Iroq urushi” atamasi tashqi va ichki manbalarda ko'proq uchraydi, forslar esa bu urushni “Muqaddas mudofaa” deb atashadi, chunki ular (shialar) o'zlarini sunniylar hujumidan himoya qilganliklarini iddao qiladilar”, deydi tahlilchilar.
1988-yilgacha chegara hududida janglar davom etdi, chunki hech bir tomon hal qiluvchi ustunlikka erisha olmadi. Jabhalarda taraqqiyot yo'qligi sababli tomonlar “shaharlar urushi”ga – aholi punktlariga, infratuzilma ob'ektlariga va dushman hududidagi harbiy bazalarga raketa hujumlariga o'tishdi. Va aynan shu bosqichda Saddam Husayn o'zining asosiy va halokatli xatosiga yo'l qo'ydi. Uzoq davom etgan “handaq urushi” sharoitida ikkala davlat ham ommaviy qurol turlarini yaratish haqida o'ylay boshladilar. Eron shoh davrida asos solingan yadro dasturini qayta boshladi, Bag'dod esa kimyoviy qurolga tayanishni tanladi. O'sha paytda Eron aholisi qariyb 50 million, Iroqniki esa bor-yo'g'i 16 million atrofida edi. Rezerv jihatdan xavotirga tushgan Saddam Husayn hukumati taqiqlangan qurollar ustida ham bosh qotira boshladi.
Keyinchalik AQSh Saddam Husayn rejimini aynan kuchli kimyoviy qurollar xavfi bahonasi bilan yo'q qildi. Aslida esa, Iroqda bunday qurollar ancha avval yo'q qilingani ma'lum bo'ldi.
1988-yil 25-mayda Iroq Basra sharqida “Tavakalna ala Alloh” operatsiyasini boshladi. Iroqda 150 000 ga yaqin askar, 3 000 zirhli texnika va 1 500 ta qurol bor edi, Eron esa frontning bu qismida 50 000 dan ortiq askar, 90 ta tank va 150 ta qurolga ega edi. Iroq hujumi tongda boshlandi. Kimyoviy qurollar (Tabun va vX) ko'magida Eron mudofaasi yo'q qilindi. 26 may kuni eronliklar chegaraga siqib chiqarildi. Basra viloyatidagi janglarda eronliklar 6000 ga yaqin odamini yo'qotdi. Eron qo'shinlari chekinish chog'ida katta miqdordagi qurol va o'q-dorilarni tashlab ketishdi. 27 may kuni iroqliklar Eron hududiga kirishdi, ammo buyruq bo'lmagani uchun ular oldinga siljishmadi. |
Bir necha oy davom etgan va boshi berk ko'chaga kirgan muzokaralardan so'ng, avgust oyida borib, sulh kuchga kirdi. Na Eron, na Iroq o'zi ko'zlagan maqsadga erisha oldi.
Iroq uchun 8 yillik uzluksiz urush uzoq davom etgan moliyaviy va ichki siyosiy inqirozga olib keldi. Harbiy xarajatlar mamlakat iqtisodiyotiga putur etkazdi. Saddam Husayn o'zining tajovuzkor tashqi siyosati bilan Eron, SSSR va arab dunyosi bilan doimiy ravishda mojaroga bordi. Tinch aholiga qarshi repressiyalar mamlakatdagi ichki siyosiy vaziyatni ancha keskinlashtirdi. Moliyaviy inqirozni hal qilish maqsadida va xalqaro qoralashdan qo'rqmasdan Saddam Husayn 1990-yilda neftga boy Quvaytga bostirib kirdi. Biroq bu safar xalqaro hamjamiyat qarab turmadi. NATOning “Сho'l bo'roni” operatsiyasi Iroq armiyasining mag'lubiyatiga olib keldi, shundan so'ng Husayn rejimi butunlay yakkalanib qoldi.
Abror Zohidov
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0