Futbol o'ynayotir o'zbek bolasi
Osiyo chempioni bo'lgan O'zbekiston o'smirlari futbol jamoasining tarixiy g'alabasiga bag'ishlanadi
O'zbek asllari, o'zni bilganlar,
Muzni yorib chiqqan, toshni tilganlar,
Ajdarlar og'zidan omon kelganlar,
Futbol o'ynayotir o'zbek bolasi.
Etmish yil yer bo'lib yotganlar aytsin,
Butifos zahrini yutganlar aytsin,
Paxta deb ko'mirdek qotganlar aytsin,
Futbol o'ynayotir o'zbek bolasi.
Qiru adirlarda, shan dalalarda,
Surmarang oqshomlar, tong pallalarda,
Shaharda, qishloqda, mahallalarda,
Futbol o'ynayotir o'zbek bolasi.
Butun el bir bo'lib g'oliblik kutdi,
Mehribon onaning duosi o'tdi,
O'ttiz yetti million niyatga yetdi,
Futbol o'ynayotir o'zbek bolasi.
Raqibni gangitib, o'ylatib qo'yib,
O'n birga to'qqizni o'ynatib qo'yib,
Qora qoshlarini o'ynatib qo'yib,
Futbol o'ynayotir o'zbek bolasi.
Yiqilsa ham, darhol kulib turadi,
Bular buncha quvnoq — kulib turadi,
Сhempion bo'lishin bilib turadi,
Futbol o'ynayotir o'zbek bolasi.
Endi bahor, yoz, qish, kuzgacha futbol,
Bu mo''jiza futbol, o'zgacha futbol,
Dunyoni lol etdi o'zbekcha futbol,
Futbol o'ynayotir o'zbek bolasi.
Yurtboshim tabriklab, olqishlab turdi,
Sovg'aga eng uchqur “tulpor”lar berdi,
Yurt yo'lin yoritdi, o'zbek kun ko'rdi,
Futbol o'ynayotir o'zbek bolasi.
Mardlar ortga qaytmas yurish boshladi,
Mana futbolda burulish boshladi,
Xalqimning ko'zida sevinch yoshlari,
Futbol o'ynayotir o'zbek bolasi.
Yashil maydonlarda baxtiyorlarim,
Yangi o'zbeklarim, baxti borlarim,
Ey ahdi yorlarim, shaxti yorlarim,
Futbol o'ynayotir o'zbek bolasi.
Temir tilsimlarin yechdi Osiyo,
Сhempionga quchoq ochdi Osiyo,
Boshidan tillolar sochdi Osiyo,
Futbol o'ynayotir o'zbek bolasi.
O'zbek qo'l uzatdi, qo'l bergin, jahon,
Jahon kubogiga yo'l bergin, jahon,
O'zbek yo'lga chiqdi, yo'l bergin, jahon,
Futbol o'ynayotir o'zbek bolasi.
Zulfiya Mo'minova
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0