Xodimlarni tibbiy ko'rikdan o'tkazish tartibi haqida bilasizmi?
Ayrim toifa ishchilarning majburiy tibbiy ko'rikdan o'tkazish kerakligini bilarmidingiz? O'qituvchilar, pensionerlar, voyaga yetmaganlar, oziq-ovqat sohasidagilarni ish beruvchi majburiy tibbiy ko'rikdan o'tkazishi shart. Ayollar yilda kamida bir marta akusher-ginekolog ko'rigidan o'tishi lozim. Qonun bo'yicha tibbiy ko'rikdan o'tkazish tartiblari haqida Adliya vazirligi ma'sul xodimi Dilmurod Rajaboev javob beradi.
1. Kimlar majburiy tibbiy ko'rikdan o'tkaziladi?
Ish beruvchi quyidagi xodimlarni dastlabki (mehnat shartnomasini tuzayotganda) va davriy (mehnat faoliyati davomida) majburiy tibbiy ko'rikdan o'tkazishni tashkil etishi shart:
o'n sakkiz yoshga to'lmaganlarni;
pensiya yoshiga yetganlarni;
nogironligi bo'lgan shaxslarni;
mehnat sharoitlari noqulay bo'lgan ishlarda, tungi ishlarda, shuningdek transport vositalarining harakati bilan bog'liq ishlarda band bo'lganlarni;
oziq-ovqat sanoatida, savdoda va bevosita aholiga xizmat ko'rsatish bilan bog'liq bo'lgan boshqa tarmoqlarda ish bilan band bo'lganlarni;
maktablarning, bog'chalarning va boshqa tashkilotlarning bevosita bolalarga ta'lim yoki tarbiya berish bilan band bo'lgan pedagog xodimlarini va boshqa xodimlarini.
2. Tibbiy ko'rik ish beruvchi hisobidan tashkil qilinadi
Majburiy tibbiy ko'riklar tashkilotlarga tibbiy xizmatlar ko'rsatuvchi davolash-profilaktika muassasalari tomonidan, ular bo'lmagan taqdirda esa tashkilot joylashgan yerdagi davolash-profilaktika muassasalari tomonidan o'tkaziladi.
Xodimlar majburiy tibbiy ko'riklardan o'tishi munosabati bilan chiqimdor bo'lmaydi.
Majburiy tibbiy ko'riklarni o'tkazish vaqtida xodimning ish joyi (lavozimi) va o'rtacha ish haqi saqlanib qoladi.
Xodimlar majburiy tibbiy ko'riklardan o'tishdan bo'yin tovlashga haqli emas.
3. Majburiy tibbiy ko'rikdan o'tishdan bo'yin tovlagan xodimlar ishdan chetlashtiriladi
Ish beruvchi majburiy tibbiy ko'rikdan o'tmagan yoxud majburiy tibbiy ko'rik natijalariga ko'ra tibbiy komissiyalar tomonidan berilgan tavsiyalarni bajarishdan bo'yin tovlagan shaxslarni ishdan chetlashtirishi shart.
Agar xodim sog'lig'ining yomonlashishi mehnat sharoitlari bilan bog'liq deb hisoblasa, u navbatdan tashqari majburiy tibbiy ko'rikdan o'tishni talab qilish huquqiga ega.
4. Ayollar yilda kamida bir marta akusher-ginekolog ko'rigidan o'tishi lozim
Tibbiy ko'riklarni o'tkazish uchun tibbiy ko'rikni o'tkazuvchi davolash-profilaktika muassasasi rahbarining buyrug'i bilan tibbiy komissiya tashkil etiladi.
Tibbiy komissiya tarkibi vrach-terapevt, nevropatolog, oftalmolog, dermatovenerolog, otolaringolog, psixiatr, akusher-ginekolog va jarroh hamda boshqa mutaxassislardan iborat bo'ladi.
Ayollar yilda kamida bir marta akusher-ginekolog ko'rigidan o'tishi lozim.
5. Xodimlar dastlabki tarzda tibbiy ko'rikdan o'tishda dermatovenerolog ko'rigidan majburiy ravishda o'tkaziladi
Allergen moddalar ta'siriga duchor bo'luvchi shaxslar terapevt, otolaringolog, dermatovenerolog ko'rigidan o'tishi hamda ular qonining klinik tahlili o'tkazilishi lozim.
Xodimlar dastlabki tarzda tibbiy ko'rikdan o'tishda dermatovenerolog ko'rigidan majburiy ravishda o'tkaziladi, vaqti-vaqti bilan dermatovenerolog tibbiy ko'rigidan o'tishda esa, vrach-terapevtning ko'rsatmasi bo'lgandagina o'tkaziladi.
Tibbiy ko'rikdan o'tuvchi xodimlarda psixik kasalliklar (shizofreniya, epilepsiya, oligofreniya) mavjudligini tekshirishda xodimlarning yashash joyidagi davolash-profilaktika muassasasining vrach-psixiatri tomonidan amalga oshiriladi.
Agar xodim psixik kasalliklar bo'yicha dispanser hisobida tursa, unga bu haqda belgilangan namunadagi ma'lumotnoma beriladi. Agar xodim psixik kasalliklar bo'yicha hisobda turmasa va unda ruhiy buzilishlar aniqlanmasa, unga vrach-psixiatrning imzosi qo'yilgan belgilangan namunadagi ma'lumotnoma beriladi.
Yuqumli yoki parazitar kasallik tashxisini aniqlash uchun vrach-infetsionist yoki boshqa mutaxassislar jalb etiladi.
6. Tibbiy xulosa natijasiga ko'ra xodimlarni sog'lomlashtirish choralari ko'riladi
Tibbiy ko'rik natijasiga ko'ra xodimga quyidagi davolash va sog'lomlashtirish tadbirlari rejalashtiriladi:
kelib chiqishida kasbiy omil asosiy hisoblangan a'zolarda keskin bo'lmagan o'zgarishlar aniqlangan xodimlarni dinamik kuzatish va zarur davolash choralarini ko'rish;
aniqlangan kasalliklarning turidan kelib chiqib belgilangan tartibda xodimlarni stasionar va sanatoriy-kurortlarda davolanish uchun yuborish, shuningdek dam olish uylari, sanatoriylar va profilaktoriylarga yo'llanma berish;
sog'lig'i holatiga ko'ra yengilroq yoki xavfli va zararli ishlab chiqarish omillarining ta'siridan holi bo'lgan boshqa ishga vaqtincha o'tkazish.
7. Tibbiy ko'rik sifatiga tibbiyot tashkiloti rahbari mas'ul
Tibbiy ko'rikning sifatli o'tkazilishiga tibbiy ko'rikdan o'tkazuvchi davolash-profilaktika muassasasining rahbari javobgar hisoblanadi.
Ish beruvchilar o'z xodimlarining majburiy tibbiy ko'rikdan o'z vaqtida o'tishi uchun va majburiy tibbiy ko'rikdan o'tmagan shaxslarni ishga qo'yish natijasida fuqarolarning sog'lig'iga yetkazilgan zararli oqibatlar uchun javobgar bo'ladilar.
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0