Iqtisodiy ekspantsiya. Qaysi davlatlarda o'zga mamlakat valyutalari hukmron?
Milliy valyuta – davlatning mustaqilligi va iqtisodiy jihatdan suverenligini bildiradigan muhim faktor. Odatda valyutaning nufuzi, holati o'sha davlatning iqtisodiy ko'rsatkichlari indikatori sanaladi. Bir rivojlangan davlat valyutasi o'ziga nisbatan zaifroq davlatlar orasida mashhurroq va xaridorgir bo'lishi tabiiy holat sanaladi.
AQSh dollari, yevro, funt-sterling kabilar jahonning istalgan hududida kuchli sanalsa, Xitoy yuani, Rossiya rubli (asosan sobiq Ittifoq davlatlari hududida) kabilar ma'lum mintaqa davlatlari orasida ko'proq qo'llaniladi.
Lekin jahonda shunday davlatlar borki, ularda milliy valyuta yo'q, bo'lsa ham nomiga (asosan dollar yoki boshqa ustun valyuta amalda bo'ladi). Bularning ko'pchiligi sobiq mustamlakalar yohud kuchli inqirozni boshdan kechirayotgan davlatlardir.
Panama. XX asrning boshlarida Kolumbiyadan ajralib chiqqandan so'ng Panama o'z pul birligini - balboani yaratdi, ammo bu mamlakatda yagona to'lov valyutasiga aylanmadi. Gap shundaki, mustaqillikka erishgach, 1903 yilda Panama hukumati AQSh bilan shartnoma tuzib, kanal ustidan nazoratni 10 million dollar va yiliga 250 ming dollar evaziga ushbu davlatga sotgandi. Vashingtonning Panama kanali ustidan nazorati 1999 yilgacha davom etdi, biroq mamlakatning asosiy valyutasi hamon dollar hisoblanadi. Balboa dollarga 1:1 nisbatda bog'langan. Aytgancha, Panama qonunchiligi davlat organlariga pul chop etishni taqiqlaydi, bu esa mamlakat fuqarolarini inflyatsiya xavfidan himoya qiladi.
* * *
Namibiya. 1990-yillarning boshlarida mustaqillikka erishgach, Namibiya ham o'zining milliy valyutasi — Namibiya dollariga ega bo'ldi. Mamlakatning ikkinchi rasmiy pul birligi Janubiy Afrika rendi bo'lib, uning qiymatiga Namibiya dollari bog'langan. Agar siz ushbu mamlakatga borib qolsangiz, istalgan ikki valyutada savdo qilaverasiz. Rend - erkin konvertatsiya qilinadigan valyuta bo'lib, u Janubiy Afrikaning milliy valyutasi va JAR, Namibiya va Lesotoni o'z ichiga olgan ko'p tomonlama valyuta kelishuvi mamlakatlarining umumiy valyutasi hisoblanadi. Namibiya valyutasi asosan rendga bog'liqligi sababli barqaror va mamlakat iqtisodiyotining umumiy beqarorligiga qaramay, amalda inflyatsiyaga duchor bo'lmaydi. Hozirgi kunda bir AQSh dollari 18,5 Namibiya dollariga (yoki JAR rendiga) teng sanaladi.
* * *
Ekvador. 2000 yildan boshlab Ekvador o'z hududiga AQSh dollarini rasmiy valyuta sifatida kiritdi. 116 yildan beri mavjud bo'lgan milliy valyuta – sukre muomalasi to'xtatildi. Tegishli farmonni 2000 yil yanvar' oyida o'sha paytda davlat rahbari lavozimini egallab turgan Jamil Mauad imzolagan edi. Uning farmoniga muvofiq, valyuta kursi bir dollar uchun 25 ming sukre etib belgilandi.
Dollarni muomalaga kiritish to'g'risidagi qaror milliy valyuta kursining pasayishiga sabab bo'lgan uzoq davom etgan iqtisodiy inqiroz munosabati bilan qabul qilingan. Ayni damda Ekvador Janubiy Amerikaning o'rtacha taraqqiy etgan davlati sanaladi. Dollarga o'tish mamlakatni bir qadar rivojlantirdi, ammo davlat hanuz kuchli iqtisod qurish uddasidan chiqa olmadi. Qizig'i, mamlakatda asosan 20 dollarlik kupyuragacha bo'lgan pullar muomalada yuradi, 50 va 100 dollarlik valyutalarni katta do'konlar va muassasalar olishdan bosh tortishi mumkin.
* * *
Zimbavbe. 2009 yildan beri Zimbabve jahon tarixida rekord darajadagi giperinflyatsiya davridan so'ng o'z pul birligini muomaladan olib tashladi. Mamlakat aholisi Zimbabve dollari o'rniga AQSh dollari, Britaniya funt- sterlingi va qo'shni davlatlar valyutalaridan foydalanishni boshladi. 2016 yildan boshlab mamlakat o'zining kvazivalyutasi – surrogat dollarlarni muomalaga chiqardi, u rasmiy ravishda AQSh dollariga 1:1 nisbatda bog'langan va bozorda mamlakatda muomalada bo'lgan Amerika dollari va boshqa valyutalarning yetishmasligini qoplash uchun mo'ljallangan. Ammo bir necha kun avval Zimbabve milliy dollarini ZiG deb nomlangan yangi valyutaga almashtirishga qaror qilganini e'lon qildi. Ushbu yangi valyuta chet el valyutalari, oltin va boshqa qimmatbaho metallar bilan qo'llab-quvvatlanadi. Mamlakat Markaziy banki rahbari barcha banklar o'z balanslarini Zimbabve dollaridan yangi ZiG valyutasiga konvertatsiya qilishlari kerakligini ma'lum qildi.
ZiG banknotlar va tangalar shaklida chiqariladi. Yangi valyutaning AQSh dollariga nisbatan kursi bir AQSh dollari uchun 13,5 Zimbabve oltini etib belgilandi, deya ma'lum qilgan regulyator rahbari.
* * *
Singapur. Garchi rivojlangan davlat bo'lsada, Singapur hududida boshqa bir davlat valyutasi, ya'ni Bruney dollari ham amal qiladi. Mamlakatning milliy valyutasi esa Singapur dollaridir. 1963 yilda Singapur Malayya federatsiyasiga, u orqali Malayziya va Bruney bilan valyuta ittifoqiga kirdi. 1965 yilda mamlakat o'z mustaqilligini tikladi, ikki yildan keyin pul birligiga ega bo'ldi, ammo valyutalarning parallel' aylanishini saqlanib qoldi. Ayni paytda Singapurda siz bemalol Bruney dollarida, Bruneyda esa Singapur dollarida to'lashingiz mumkin.
* * *
Sal'vador. 2001 yilda Sal'vador hukumati 2003 yilgacha milliy valyuta bo'lgan kolondan butunlay voz kechib, uni pul muomalasidan chiqarishga qaror qildi. 2001 yil yanvaridan boshlab AQSh dollari asosiy valyuta sifatida muomalaga kiritildi. 2004 yilda Sal'vador koloni butunlay muomaladan olib tashlandi. Milliy valyutadan voz kechilishining asosiy sababi fuqarolik urushi va Gonduras bilan mojaro, shuningdek, tashqi qarzlar ham sabab bo'ldi. 2004 yil boshidan hozirgi kungacha mamlakatda faqat AQSh Federal zaxira tizimi tomonidan chiqarilgan dollar muomalada bo'lib kelmoqda. Ayni paytda Sal'vador hukumati mamlakatdagi pul massasini nazorat qila olmaydi. Sal'vadorda kolondan foydalanish to'xtadi, barcha operatsiyalar va rasmiy narxlar dollarda amalga oshiriladi. Xususiy do'konlarda “odatdan tashqari” ba'zi narxlar ham dollar, ham kolonlarda o'rnatiladi. Kolondan voz kechish vaqtida uning kursi bir AQSh dollariga 8,75 nisbatni tashkil etdi.
* * *
Kuk orollari. Tinch okeani bag'ridagi bu orollar dunyodagi eng katta offshor zonalardan biridir. Ilgari ular Britaniya imperiyasining protektorati ostida bo'lgan va o'tgan asrning boshida ular Yangi Zelandiyaga o'tkazilgan. 1960 yillarda mustamlakachilikka qarshi harakat natijasida orol davlati ichki o'zini-o'zi boshqarishga ega bo'ldi. Hozirda u Yangi Zelandiya bilan erkin konfederatsiyada sanaladi.
Kuk orollarida siz ikkita valyutada to'lovlarni to'lashingiz mumkin: 1:1 nisbatda ekvivalent bo'lgan Yangi Zelandiya dollari va Kuk orollari dollari. Ushbu tizim davlat uchun qulay, chunki uning kurortlariga asosan Yangi Zelandiyadan sayohatchilar tashrif buyurishadi. Darvoqe, Kuk orollaridagi turizm daromadlari mamlakat yalpi ichki mahsulotining 80 foizini tashkil qiladi.
Shuningdek, Britaniya Virjiniya orollari, Sharqiy Timor, Marshall orollari, Mikroneziya federativ shtatlari, Palau, Pitkern orollari, Shimoliy Mariana orollari kabi davlatlarda AQSh dollar rasmiy valyuta sanaladi.
Ta'kidlash joizki, 2023 yilda Argentina prezidenti etib saylangan “argentinalik Tramp” – Xaver Milley saylovoldi dasturida milliy valyuta bo'lgan p'esoni bekor qilish, Markaziy bankni tugatish va to'liq AQSh dollariga o'tish bo'yicha gapirgandi. Argentina so'nggi yillarda iqtisodiy inqirozni boshdan kechirmoqda. Agar ushbu davlatning dollarga o'tishi yuz bersa, Argentina AQShdan so'ng ikkinchi eng yirik “dollar mamlakati”ga aylanadi. Ammo mazkur jarayon amalga oshishi hozircha katta so'roq ostida turibdi.
* * *
Ma'lumot o'rnida: O'zbekiston Respublikasida rasmiy valyuta so'm hisoblanadi va rasmiy oldi-sotdi ushbu valyutada amalga oshiriladi. Shuningdek, xorijiy valyutalar faqat banklardagina qonuniy ravishda almashtiriladi. Mamlakat Jinoyat kodeksining 177-moddasiga ko'ra, katta miqdordagi xorijiy valyutalarning noqonuniy muomalasini amalga oshirish javobgarlikka tortishga asos bo'ladi.
Abror Zohidov
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0