Ko'chmanchi «Erkin so'z» qachon erkin yashaydi?
Quyi Сhirchiq tumanining yagona nashri faoliyatining to'xtatilgani, kamiga hozirda tahririyat ish joyidan ham mosuvo bo'layotganiga muassis qanday javob berar ekan? Qachon “Erkin so'z”ning o'z boshpanasi bo'ladi, xodimlar ko'ngilni xotirjam qilib, biror joyda erkin ishlaydimi o'zi?
Gap shundaki, 1927 yilda asos solingan, Toshkent viloyatining Quyi Сhirchiq tumani hokimligi muassisligidagi “Erkin so'z” gazetasi tahririyati yillar davomida tuman hokimligi binosida, shaxsiy xonadonlarda, sobiq tuman Xalq sudi, tuman Madaniyat uyi binolarida ijarama-ijara turib faoliyat yuritib kelmoqda.
2023 yilning mart oyida tahririyatning oxirgi manzili tuman Prokuraturasining sobiq binosi bo'lgan va endilikda shu yerda muntazam joylashish va'dasi berilgan edi. Ammo afsus, jamoaning quvonchi uzoqqa cho'zilmadi: sababi, bu boshpana ham bir yilga mo'ljallangan ekan. Сhunki Ishonch.uzga ma'lum qilgan manbaning bildirishicha, ushbu binoga yaqin fursatlarda “Inson” ijtimoiy markazi joylashtirilishi aytilgan. Markazning respublika boshqarmasi vakillari kelib, binoning har bir xonasini ko'zdan kechirishni boshlashgan.
«Ko'chmanchi»ga aylanib ulgurgan nashrning bugun atigi 673 dona obunasi bor. Gazetani chop etish vaqtinchalik to'xtatilgan, xodimlarga oylik ham to'lanmayapti. O'sha 673 nafar obunachi ham hademay puli to'lab qo'yilgan nashrni talab qilishi turgan gap va ular bunga haqli ham. Nadomatlar bo'lsinki, hech bir bosmaxona bunaqa adadli gazetani chop etishni istamayapti. Ustiga ustak, endi yana boshpana izlash masalasi ko'ndalang turibdi.
Jaydari aytganda, bu qadar e'tiborsizlikdan “chemodan” kayfiyatga tushib qolgan xodimlarning borgan sari hafsalasi pir bo'lmoqda.
Xo'sh, «Erkin so'z» qachon erkin yashaydi?
Xolida Egamberdieva,
Ishonch.uz
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0