Munosabat: oilaviy ajrimlarga nima sabab bo'lyapti?
9 iyun' sanasida ishonch.uz telegram kanalida “Siz nima deysiz? – Oilaviy ajrimlarga sabab bo'layotgan omillar” sarlavhasi ostida muxbir Akmal Abdievning mulohazalari e'lon qilingan edi.
Kanalimizning bir guruh faol kuzatuvchilari mazkur maqolaga o'z munosabatlarini bildirishdi.
– Juda dolzarb mavzu ko'tarilibdi. Darhaqiqat, keyingi vaqtlarda ajrimlar nega ko'paymoqda? Bu masalada qaynonalarga ko'p narsa bog'liq, deb o'ylayman.
Agar u bag'rikeng, mehribon, samimiy bo'lmas ekan, ushbu xonadonga tushgan kelin qiynaladi. To'g'ri, birovga hech kim o'z onasidek mehr bera olmaydi. Lekin ba'zi qaynonalarning kelinga o'z onasidan ham ko'proq mehr bera olishini ham inkor etmayman. Bu qaynonaning dunyoqarashi, fikrlashi, har qanday vaziyatda pozitivligiga bog'liq.
Ba'zi bir qaynonalar borki, kelinini azoblasa, maza qiladi, ataylab yo'q joydan janjal-tortishuvlarni yuzaga keltiradi va o'g'liga “Xotiningni tiyib qo'y!”, deb kelinni kaltaklashini buyuradi. “Agar kelinimning aytganini qilsang, seni oq qilaman!” deb o'z o'g'lini qo'rqitadigan qaynonalar ham borligini ko'rib, yoqa ushlaganman. Allohga shukr, o'zimning qaynonam juda mehribon, ochiqko'ngil, soddagina edilar. Fikrimcha, ko'p janjal bo'ladigan oilani saqlab qolish uchun kimdir o'zini “qurbon” qilishi kerak bo'ladi. Ya'ni, kimdir azoblarga chidashi va sabr qilishi kerak. Lekin shunaqa muammoni oila a'zolari o'zlari sun'iy ravishda keltirib chiqarganlaridan nima ma'no, shuni tushuna olmay, boshim qotadi. Qani edi, dunyoda hech kim bir-biriga ozor bermasa, bir-birini tushunib, avaylab yashasa.
Mavzuga doir: “Siz nima deysiz?” – Oilaviy ajrimlarga sabab bo'layotgan omillar
Kelin bechora tushgan oilasiga moslashgunigacha sochi oqarib, qon bosimi 200 dan oshadigan, yuragi huruj qiladigan qo'shtirnoq ichidagi “baxtli ayol” (odamlar nigohida), lekin ichi to'kilib tugagan zaifaga aylanib qolishi shartmi? Hammasi o'zimizning qo'limizda-ku.
Nahotki, yoshligida erka, injiq, xudbin o'sgan qizaloqlar vaqt kelib, qaynona bo'lganida ham hamma joyda o'z hukmronligini o'tkazsa? Keliniga zug'um qilgan qaynonalarni jazolash kerak…
Ya'ni, ko'rinyaptiki, zolim qaynonalarni tahlil qilsangiz, ko'p hollarda u yoshligida erka va xudbin qiz bo'lgani ayon bo'ladi.
Demak, qaynonalar mehrsiz, xudbin, zolim bo'lmasligi uchun onalarimiz o'z qizlarini mehribon, rahmdil, bag'rikeng, rostgo'y, samimiy, savob ishlar qilishga qodir, saxiy va ochiqko'ngil qilib o'stirishlari kerak...
Guljahon Suvonqulova,
“Sho'rtangazkimyo” majmuasi kasaba uyushma qo'mitasi
etakchi mutaxassisi
Siz nima deysiz, hurmatli mushtariy? Minbar navbati sizga...
Maqolaga baho bering
0/51
0
0
0
0