Siz nima deysiz? ODAMLARDA INSOF QOLMAGANMI?
Odatda birovga qarz berish masalasida gap ketsa, ko'pchilik bermaslikni to'g'ri yo'l, deb hisoblaydi. “Qarz munosabatlarni buzadi”, deb o'ylashadi. Ba'zi birovlar esa kimningdir og'ir kunida yordam berishga harakat qiladi. Dilobarxonning hikoyasi esa meni ham bu masalada o'ylantirib qo'ydi.
—Bu yil bakalavr diplomini oldim, —dedi suhbatdoshim.—Qishda bir kursdoshim oilaviy sharoiti to'g'ri kelmadimi, o'qishning “kontrakt” pulini to'lay olmadi. Domlalar esa shartnoma puli to'lanmaguncha uning imtihonlarga kirishiga ham ruxsat berishmadi. Shunda dugonam kursdoshlar davrasida eri Rossiyaga ishlashga ketayotganini aytib, imkoni borlar qarz berib turishini so'radi. Ammo hech kim beray demadi. Mening esa kursdoshimga rahmim keldi va turmush o'rtog'imdan pul olib, unga “kontrakt” pulini to'lash uchun berdim. Yozga chiqib, barchamiz imtihonlarni topshirib, diplomni olish baxtiga muyassar bo'ldik. Oradan ancha vaqt o'tsa-da, dugonam qarzni qaytaray demasdi. “Topganda beradi”, deb men ham qistalang qilib o'tirmadim.
Shundan keyin ham ko'p kunlar o'tdi. “Endi qo'ng'iroq qilay, balki eri Rossiyadan pul jo'natgandir”, dedim-da, dugonamning raqamini terdim. Telefoni “o'chirilgan” ko'rsatdi. Oradan ikki-uch kun o'tib, yana qo'ng'iroq qildim. Yana tusholmadim. Vaziyatimni ko'rib, erim munosabat bildirdi:
—Telefon raqamini o'zgartirgan bo'lsa, pulni ololmaysan. Qo'l bilan berib, oyoq bilan yugurasan endi. Puldan umidingni uzaver.
Men esa dugonamning bunday qilishiga ishonmasdim. Shuning uchun uning uyiga borishga qaror qildim. Uyining aniq manzilini bilmasam-da, qishlog'ining nomini bilardim. Qo'shni tumandagi ancha chekka qishloq ekan, taksichi 60 ming so'm evaziga mahallasiga olib borib qo'ydi. Mahalla ahlidan so'rab-surishtirib, kursdoshimning uyini topib bordim. Ammo uyida yo'q ekan. Aksiga olib, qo'shnisining darvozaxonasida yotgan iti ilkis avtomobil tagidan chiqib, oyog'imdan tishlab oldi. Ko'rmay qolibman. Tizzam qonar, og'riq azob berardi. Qo'shnisidan latta olib, oyog'imni bog'ladim. Undan kursdoshimning telefon raqamini ham oldim. Nihoyat dugonam bilan gaplashish baxtiga muyassar bo'ldim. U uzoqroq joyda ekanini aytib, kutib turishimni aytdi. Noiloj daraxtlar soyasida uni kuta boshladim. Oradan chamasi to'rt soatcha vaqt o'tsa-da, kutgan insonim kelavermasdi. Bu yoqda oyog'im zirqirab og'rir, chidash imkonsiz edi. Noiloj dugonamga qo'ng'iroq qilib, “Pulni uyga olib bor” dedim-da, uyga qaytib ketdim. Endi erimga nima deyman. Сhunki u qarz berish asnosida pulni qaytarib olishda ancha qiynalishim mumkinligini aytgandi. Ha, erim haq bo'lib chiqdi. Uyga bu ahvolda borsam, u “Aytmovdimmi, yaxshi tanimagan odamingga qarz berishning oqibati bu”, deb aniq aytadi. Kursdoshimga rahmim kelgandi.
Uning bunchalikka borishini kutmagandim. Puli yo'q ekan, telefon raqamini o'zgartirmay, bir og'iz vaziyatini aytib qo'yganida, men bunday sarson bo'lib, itlarga talanib yurmasdim...
Mana, Dilobarning hikoyasi. Siz uning o'rnida bo'lganda nima qilardingiz? U dugonasiga yordam berib, to'g'ri qilganmi? Dugonasi o'z telefon raqamini ojizlikdan o'zgartirdimi yohud mug'ambirlikdan? Yoki insof-diyonat degan tuyg'ular allaqachon o'z o'rnini befarqlik va olchoqlikka bo'shatib berganmi? Yohud qarzni olguncha “Qo'l bilan berib, oyoq bilan yugurib olasan”, degan ibora hayotiy haqiqatmi? Siz nima deysiz?
Fikrlaringizni kutamiz.
Akmal Abdiev, “ishonch.uz”
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0