Javobgaring kim bo'lsa ham... Qonun ne desa – shu!
Yoxud Andijonda mehnat nizolariga qanday yechim topilayotgani xususida
Hademay fuqarolik ishlari bo'yicha Bo'ston tumanlararo sudida navbatdagi mehnat nizosi ko'rib chiqilishi kerak. Bir muddat avval chaqiruv qog'ozi yuborilganiga qaramay, kuni kecha sud'ya yordamchisi taraflarga qo'ng'iroq qilib, yana qayta tayinlagan: «Sud majlisiga kechikmanglar-a!..».
So'z borayotgan nizoning boshqa turdagi sud ishlaridan farqli bir jihati bor – muhokama yigirma kundan kechiktirmay yakunlanib, qaror qabul qilinishi kerak. Сhunki sud'ya mehnat munosabatlariga oid masalalarni ko'rish muddatini boshqa toifadagi ishlar kabi alohida ajrim chiqarib, uzaytirishga haqli emas. Bu – qonun talabi. Yordamchining «Kechikmangla-ar!» deya takror-takror eslatishidan muddao ham shu – bugungi majlisni boshqa kunga qoldirmaslik.
Taraflar ham mas'uliyatni his etib, allaqachon sud zalida hozir bo'lishgan. Da'vogar – Gulbahor opa o'ychan o'tiribdi. «Sud qanday yakun toparkin?» deb o'ylayaptimi yo anchadan beri ish haqi ololmayotgani moddiy ahvoliga jiddiy ta'sir ko'rsatgani xayolidan o'tyaptimi – anglash qiyin. Ammo nigohidan ushbu muammo uni mahkamaga qadar yetaklab kelgani ko'ngliga og'ir botgani ko'rinib turibdi. Qarshisida o'tirgan ishxonasidan vakil – javobgar xayolan bo'lajak savollarga tayyorlanyapti, chamasi. Uchinchi odam – sog'liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi viloyat kengashining mehnat-huquq inspektori Shahobiddin Dehqonov oldida turgan bir taxlam hujjatlarga takror-takror ko'z tashlab, bo'lajak protsessga tayyorgarlik ko'ryapti. Bir muddat davom etgan sukutdan so'ng nihoyat sud boshlandi.
Da'voning mohiyati qiziq: Gulbahor Azimova 1995 yilda tuman tibbiyot birlashmasiga fel'dsher vazifasiga ishga qabul qilingan. 2023 yilning aprel' oyida yarim stavka ish birligidagi sanitarka vazifasiga o'rindoshlik asosida shtatlar jadvaliga asosan qabul qilingan bo'lsa-da, 2024 yilning fevral' oyidan boshlab uning ish haqi to'lovlari hech qanday sabablarsiz, he yo'q, be yo'q, to'xtatib qo'yilgan.
Xullas, ish beruvchining qarori nihoyatda zaif, «puf» desa, uchib ketgulik. Shunday bo'ldi ham. Sud fuqaro manfaatini ko'zlab, ariza kiritgan kasaba uyushma vakillari da'vosi bilan ham, javobgar e'tirozlari bilan ham to'liq tanishib, dalillarni batafsil o'rgandi hamda javobgardan Gulbahor Azimova foydasiga qayd etilgan sanaga qadar to'lab berilmagan 15 million so'mga yaqin ish haqini undirish haqida to'xtamga keldi.
Da'voning qanoatlantirilishi – o'z yo'liga. Sud hatto yakunda Andijon viloyati sog'liqni saqlash boshqarmasiga zikr etilgan nizo bo'yicha xato va kamchiliklarga yo'l qo'ygan mas'ul shaxslarga nisbatan chora ko'rish, shu kabi kamchiliklarning oldini olish yuzasidan ta'sir chorasi – xususiy ajrim ham chiqarib berdi. Xususiy ajrim mohiyati, jaydari tilda aytganda, «bu nima bedodlik, tizim mas'ullarining har bir xatti-harakati qonun doirasida bo'lishi shart» degan mazmunni ifodalar edi...
Bir ish misolida mehnat nizolari xususida so'z borar ekan, raqamlarga ham murojaat qilish joiz. E'tibor bering, 2024 yil davomida Andijon viloyati fuqarolik ishlari bo'yicha tumanlararo sudlari tomonidan mehnat nizolari bilan bog'liq jami 438 ta ish ko'rib chiqilgan. Ularning 229 tasi bo'yicha da'vo arizalar qanoatlantirilgan, 112 tasi rad etilgan. Da'volarning ma'lum qismi bo'yicha ish yuritish tugatilgan bo'lsa, yana bir qismi ko'rmasdan qoldirilgan. Yana bir jihat: mazkur nizolarning 193 tasini ishga tiklash, 170 tasini esa ish haqini undirish haqidagi da'volar tashkil etadi.
Turgan gap, ayni toifadagi nizolarning ko'pligi kishi dilini xira qiladi. Noqonuniy buyruqlari bilan xodimlarning mehnat huquqlarini poymol qilayotgan, ularni sudma-sud yurishga majbur etayotgan ish beruvchilarning qonunlarga amal qilmasliklari, Mehnat kodeksi talablarini noto'g'ri talqin etishlari jiddiy o'rganilib, tizimli ravishda bartaraf etilishi zarur. Ko'ngilga taskin beradigan jihati esa, odamlarda, xususan, tashkilot-korxonalar xodimlarida huquqiy ong va huquqiy bilim yuksalib borayotgani bilan bog'liq. Bugun mehnat huquqi toptalgan xodimlarning aksariyati bo'yin egib, qo'l qovushtirib, taqdirga tan berib o'tirgani yo'q – tashkilot ish beruvchisi vallomat bo'lsa ham, uning noqonuniy xatti-harakatlari ustidan tap tortmay sudga arzu shikoyat kiritayotir. Ishchi-xodimlarning ba'zan sudga qadar, aksar hollarda esa mahkama orqali mehnat huquqlari tiklanishida kasaba uyushmalari mutaxassislari chin ma'noda tirgak-suyanchiq vazifasini bajarayotganiga alohida urg'u berish shart emasdir. Zotan, kuzatuvlardan ham ko'rinib turibdi – kasaba uyushmalari tizimida ishlayotgan mehnat huquq inspektorlarini har doim ham ish kabinetidan topish mushkul: bugun viloyat markazidan 80 kilometr olisdagi hududdagi sud muhokamasida qatnashsa, ertasiga boshqa bir ariza yuzasidan qo'shni tumandagi ish beruvchi bilan muzokara olib borish uchun yo'lga otlanadi...
Qolaversa, viloyat sudining fuqarolik sudlov hay'ati bilan ham doimiy muloqotlar o'rnatilgan: sud, bandlik idorasi va kasaba uyushmalari hamkorligida o'tayotgan seminarlarda mehnatga oid munosabatlarni tartibga solish, mazkur turdagi nizolarga adolatli yechim topish, mehnat nizolariga sabab bo'layotgan holatlarning oldini olish kabi jihatlar bo'yicha muntazam jiddiy munozaralar davom etayotir. Mazkur seminarlarga mehnat nizolari ko'paygan sohalar rahbarlari ham jalb etilib, yo'l qo'yayotgan xato-kamchiliklari tushuntirilayotir. Muddao bitta: qaynoq hayot ichida muhokamasi tinmayotgan mehnat nizolarini imkon qadar kamaytirishga erishish.
...Ushbu bitiklar qog'ozga tushayotgan pallada fuqarolik ishlari bo'yicha Izboskan tumanlararo sudida ko'rib chiqilayotgan navbatdagi nizoning yakuniy tafsilotlari haqida yaxshi bir mujda keldi. Da'vogar Muhabbatxon Zokirova tuman tibbiyot birlashmasi rahbariga nisbatan ishga tiklash, majburiy progul kunlari uchun ish haqi hamda ma'naviy zarar undirishni so'rab sudga murojaat etgandi. Muhokama jarayonida taraflar ixtiyoriy ravishda kelishuvga erishishibdi. Xodim da'vosidan voz kechib, ish beruvchi uni ishga tiklash majburiyatini o'z zimmasiga olibdi. Sud kelishuv bitimini tasdiqlab beribdi. Shoir aytmoqchi, «qilsa bo'lar ekan-ku». Murosa-yu madoraga nima yetsin axir?!
Nurillo NO''MONOV
«ISHONCH»
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0