“Jurnalistmish yana, hech nimani bilmas ekansiz-ku?!”
Bir kuni telefonim jiringladi. Olsam, Xalq ta'limi bo'limi boshlig'i salomni qisqa qildi-yu, hovliqib gap boshladi: — Siz jurnalistsiz-ku. Hozir bir kishi bilan bitta savol ustida bahslashib qoldik. Shunga javob bervoring.
— Nima savol ekan u?
— Aytingchi, “ma'suliyat” degan so'zda ayirish belgisi “a”dan keyin keladimi yoki “s” dan keyin? — dedi aynan “a” harfiga urg'u bergancha.
— Albatta “s”dan keyin keladi-da! — dedim.
— Yo'q, siz xato aytyapsiz. Unaqa bo'lmaydi..!
Butun boshli Xalq ta'limi bo'limi boshlig'ining ko'targan masalasi-yu, kamiga qimmatli vaqtimni olganidan astoydil jahlim chiqdi:
— Agar evolyutsiya natijasida o'sha ayirish belgisining joyi surilib qolmagan bo'lsa, “s”dan keyin turgandi, — dedim sekingina.
U kesatganimni bilib, tutaqib ketdi. Endi ovozini balandlatib, zarda qilishga o'tdi:
— He, sizni qarang-u! Jurnalistmish yana. Hech nimani bilmas ekansiz-ku?! Bekor vaqtimni ketkazib sizga qo'ng'iroq qilganim. Yaxshisi, “tilchi”lardan so'rayman. Ular aniq bilishadi!
Shunday deya u shartta telefonni o'chirdi. Hangu-mang bo'lib qoldim. Meni kuzatib turgan hamkasblarim og'zimga qarab turishardi. Ularga bor gapni aytib bergandim, barchasi sharaqlab kulib yuborishdi.
Keyinchalik bilsam, o'sha kuni Xalq ta'limi bo'limi boshlig'i shu masalada bir kishi bilan bahslashib qolibdi, hatto garov ham o'ynashgan ekan. Ularning fikricha, buning anig'ini hozir mashhur yozuvchilar, tilchi-yu, jurnalistlar ham bilishmas emish. Shu so'z xato bilan ketayotgan bo'lishi ham mumkin ekan...
Ana xolos... Nahot men ham doimo “mas'uliyat” deb yozib xato qilayotgan bo'lsam. Siz nima deysiz, “mas'uliyat”mi yoxud “ma'suliyat”?
Xolida Egamberdieva,
Ishonch.uz
Maqolaga baho bering
5/51
0
0
0
0