“G'alati” tilanchi (hikoya)
Har yili ramazonda onkologiya shifoxonasi oldida ro'dapo kiyingan tilanchi ayol paydo bo'ladi. Ko'rinishidan tilanchilarga o'xshamagani uchun darrov diqqatni tortadi. Qo'liga ishchilar qo'lqopini kiygan, beliga cho'ntagi katta fartuk taqib olgan. Sochlarini yoyib, ustidan ro'molini qiyshaytirib boylaydi. O'ziga yarashmagan ko'zoynak taqqan. G'alati...
Sal bukchayibroq yuradigan bu ayolni ba'zilar ruhiy xasta bo'lsa kerak, deb o'ylaydi.
– Alloh yo'liga ehson qiling, Xudoyim dardingizga shifo bersin. Biringizni ming qilib qaytarsin, – deya o'tgan-ketganning yo'lini to'sadi.
Sanitarkalar sal e'tiborsiz qolsa, palatalarga ham mo'ralaydi.
Bemorlarning yaqinlari atrofida soatlab o'ralashadi. Har kelganida yugurib oldlariga chiqaveradi.
– Onangiz yaxshimi? Qizingizning ahvoli qanday? Do'xtirlar nima deyapti? Umid bor ekanmi? – deya so'roqqa tutaveradi. Ba'zilar “Sen yetishmay turganding” deya siltab tashlaydi. Kimga dardini aytishni bilmay turgan boshqasi yig'lab-siqtab gurunglashadi.
– Dardi yo'q kesak, menam necha yildan beri farzand dog'ida adoman, – tilanchi ayol o'z ko'rgan-kechirganlarini gapirib yig'laydi. – Maktabni tugatmasimdan turmushga chiqqanman. Turmushim o'xshamadi. Hozir so'qqaboshman. Oshxonalarda idish-tovoq yuvaman, birovlarning uyida ishlayman. Og'ir mehnat erta qaritdi. Oyoq-qo'llarim qaqshab og'riydi.
– Nega bu yerga kelasiz, boshqa joyda qiling tilanchiligingizni, – qorovul qattiqroq gapirdi. – Sizni deb boshliqlardan gap eshitib qolyapman.
– Bu yerda og'ir kasallar bor. Ularni duo qilsam, yaqinlari ko'proq pul beradi. Uyim yo'q, ijarada turaman, – ayol ko'zoynagini olib ko'zini ishqalaydi.
– Ha, mayli, faqat boshliqlar ko'rib qolmasin, – ichi achiydi qorovulning.
Tilanchi ayol shu kunlarda Xolisxonning atrofida ko'p o'ralashadigan bo'ldi. Xolisxon to'rt farzandni yolg'iz katta qilaman, deb o'zini o'qqa-cho'qqa urib 45 yoshga yetdi. Endi bolalarim qo'limga ildi, rohatlarini ko'rarman deganda saratonga chalinib turibdi. Xorijda operatsiya qilsa yaxshi bo'lib ketarkan. Ammo, u operatsiyaga pulni qaerdan topsin?
– Ayollarning bo'lari shu. Bola-chaqam, uy-ro'zg'or deb umr o'tib ketganini bilmay qolamiz, – tilanchi ayol unga dalda bergan bo'ldi. O'z qismatini aytib yig'ladi.
Xolisxonga tilanchi ayol yoqib qoldi. Har na dardini aytib yengil tortyapti. Uyidan kelgan bir kosa ovqatni u bilan baham ko'radigan bo'ldi. Tilanchi ayol umrida bunday mehr ko'rmaganini aytib, ko'zyosh bilan Xolisxonni duo qiladi.
Shunday kunlarning birida Xolisxonni bosh shifokor yo'qlab keldi.
– Opa, buni qanday epladingiz? – hayron so'radi Xolisxondan.
– Nimani? – ayol ko'zlarini katta-katta ochib bosh shifokorga mo'ltiradi.
– Yevropaning eng nufuzli klinikasidan qo'ng'iroq qilishdi. Sizning operatsiyangiz uchun pul to'lanibdi. Aviabilet ham olingan. Vizangiz ham hal qilingan. Biron yaqiningizni yoningizga olib borsangiz bo'ldi ekan.
Xolisxon bu qandaydir anglashilmovchilik deb o'ylagandi. Bosh shifokor xorijdan kelgan xatda aynan uning ismi-sharifi, kasallik tarixi haqida gap borishini aytganidan keyin ham quloqlariga ishonmadi.
– Bunday voqea uch-to'rt yildan beri har ramazonda takrorlanadi, – dedi bosh shifokor. – Klinikamizdagi eng ahvoli og'ir, iqtisodi nochor bir bemorni xorijga taklif qilishadi. Ular sog'ayib, oilasi bag'riga qaytib, baxtli turmush kechirishyapti. Biroq, bu sirli xomiy kimligini va buni qanday eplashini bilolmayapmiz.
Xolisxon xomiyni duo qildi. Quvonchini bo'lishish uchun shifoxona hovlisiga chiqib tilanchi ayolni qidirdi. Hammadan so'radi. Qorovul u bugun kelmaganini aytdi.
***
Xolisxon Yevropada zarur muolajalarni olib, ortga qaytdi. Samolyotda jurnal varaqlab o'tirarkan, bir rasm diqqatini tortdi. Qirq yoshlardagi dilbar ayol juda tanish ko'rindi. Qiziqib maqolani o'qiy boshladi. Bu milliarder ayol haqida edi. Xolisxon uni qaerda ko'rganini eslashga urindi... bexos ko'z oldiga tilanchi ayol keldi... bu o'sha... ha,o'sha... hayron qolgandi-ya, tilanchiga o'xshamaydi, juda sermulohaza, qandaydir boshqacha deb...
Kasalligi haqida, oilasi, qaerda yashashi haqida rosa surishtirgandi. Ichidagi hamma gapini bilib olgandi.
Xolisxon ayolni uzoq duo qildi. Mavridi bilan yoniga albatta o'taman deb qo'ydi.
Yo sir sirligicha qolgani ma'qulmikin...
Muhabbat TO'RABOEVA



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0