Amerikalik “Ahmadboy”: 150 yilga qamalgan firibgar
Uning yolg'on sxemasi va yetkazgan zararini dunyodagi eng ulkanlaridan desa bo'ladi. Sud Bernard Medoffni 150 yillik qamoqqa hukm etdi. Ammo insoniyat abadiy emas, aybdor bu muddatni to'liq o'tay olmasligi aniq edi.
2020 yil fevral' oyida Medoff sog'lig'i yomonlashgani sababli shartli ravishda ozodlikka chiqish uchun ariza berdi. U 18 oygina umri qolganini aytgan, chunki Bernard buyrak kasalligidan qattiq aziyat chekayotgandi. Biroq, u ozod qilinmadi. 2021 yil aprel' oyida esa mahkum qamoqda vafot etdi. U 82 yoshda edi. Xo'sh, nega unga shafqat qilinmadi?
Bernard Medoff 1938 yilda N'yu-Yorkning Kvins tumanida tug'ilgan. Uning otasi Ralf sport mollari do'konini boshqargan, biroq 1950-yillarning boshlarida, Bernard hali o'smirlik chog'ida biznes bankrot bo'lgan. Medoff qamoqdan turib interv'yu bergan jurnalist Stiv Fishmanning so'zlariga ko'ra, muvaffaqiyatsiz biznesdan so'ng birja brokeriga aylangan otasi buniyam uddalay olmagani uchun Bernard har qanday xarajatdan qat'iy nazar muvaffaqiyatga erishishga qaror qilgan. O'rta maktabdan so'ng, Medoff Alabama universitetida bir yil o'qidi, ammo oxirida N'yu-Yorkdagi Hofstra universitetini siyosatshunoslik fakul'tetida tamomladi. Keyin u Bruklin yuridik fakul'tetida qisqa muddat huquqni o'rgandi.
O'qishni bitirishidan bir yil oldin Bernard o'zining o'rta maktabidagi qiz do'sti Rutga uylandi. U fond bozorida ishlagan va 1960 yilda u bilan birga Bernard L. Madoff Investment Securities investitsiya firmasiga asos solgan. O'sha paytda bo'lajak “qahramon” 22 yoshda edi. U birjadan tashqari sotiladigan arzon qog'ozlarni sotib oldi. U asta-sekin yirik savdolarga o'tdi. Uning Madoff Securities brokerlik firmasi 1970-yillarning boshida birinchi elektron fond birjasi NASDAQ'ni ishga tushirishda ishtirok etgandi. Medoff firmasi birinchilardan bo'lib fond birjalarida savdo qilish uchun komp'yuter texnologiyalaridan foydalangan. Bernard hatto NASDAQ raisi sifatida uch marta - 1990, 1991 va 1993 yillarda ishlagan.
Uddaburon yigit N'yu-York va Florida shtatida joylashgan Palm-Bichdagi badavlat va nufuzli biznesmenlar bilan yaqin do'stlik aloqalarini o'rnatdi. U boylarni investor sifatida jalb qildi, ularga yaxshi daromad berdi va yangi mijozlarni jalb qilish uchun ularning ijobiy tavsiflaridan foydalangan. Medoffning mablag'lari hammani investor sifatida qabul qilmadi, bu eksklyuzivlik va obro'-e'tibor muhitini yaratdi.
Tergovchilarning ta'kidlashicha, katta yolg'on, ya'ni Medoffning Pontsi sxemasi 1980-yillarda paydo bo'lgan. Bernard “Pontsi sxemasi”ni boshqargan - bunda dastlabki investorlarga pullar yangi investorlar oqimi hisobidan to'langan. U Shimoliy Amerikaga ko'chib o'tgan italiyalik avantyurist Sharlz Pontsi sharafiga nomlangan. Pontsi 1920-yillarning boshlarida u yuzlab jabrdiydalarni aldashga muvaffaq bo'lgan va uning sxemasi bir yildan ortiq davom etgandi.
Bernard sarmoyadorlarining pullari ham Medoffning to'lovlariga, shuningdek, ehtimol, uning oilasi va do'stlariga ketgan. Minglab mijozlar pixini yorgan “tadbirkor”ga 19 milliard dollarni ishonib topshirdilar. Ishda soxta hujjatlardan ustalik bilan foydalanilgan, natijada sho'rlik investorlar o'z hisoblarida qariyb 65 milliard dollar borligiga ishonishgan. Umuman olganda, 37 mingdan ortiq odam firibgarlik qurboniga aylandi. Bernard mijozlarga bozorning ko'tarilishi va tushishi paytida taxminan 12 foiz barqaror daromadni va'da qildi. Boy mijozlar hisoblari uchun o'rtacha yillik daromad o'n yildan ortiq vaqt davomida 15 foizni tashkil etgan.
O'rmonga o't ketsa, xo'l va quruq baravar yonadi deganlaridek, Medoffning mijozlari orasida oddiy odamlar ham, kazo-kazolar ham bor edi. Ayrimlari firibgarlikka aloqadorligini oshkor qilmadi. Ayniqa mashhur rejissyor Stiven Spilbergning Wunderkinder xayriya jamg'armasi katta zarar ko'rdi, biroq yo'qotilgan aniq mablag' miqdori oshkor qilinmadi. Boshqa ba'zi mashhur jabrdiydalar o'z yo'qotishlari haqida jamoatchilikka ochiqdan ochiq chiqish qildilar. Ular orasida aktyorlar Kevin Bekon va Kayra Sedgvik ham bor. Ular Medoff fondlariga sarmoya kiritib, millionlab dollar yo'qotishdi. “Biz nima borligini va nima yo'qotganimizni tezda anglay oldik. va bu eng asosiy narsalar - bolalar, sog'lik, sevgi, yaxshi uy edi. Shunday qilib, biz buni birga boshdan kechirdik. Men hozir Medoff haqida umuman o'ylamayman”, dedi Bekon The Guardian nashriga bergan interv'yusida. Uning so'zlariga ko'ra, haqiqiy qurbonlar bor-budini yo'qotganlardir.
Los Angeles Times gazetasining yozishicha, Dreamworks Animations bosh direktori Jeffri Katsenberg 20 million dollar yo'qotgan. Aktyor Jon Malkovich 2 million dollar, teleboshlovchi Larri King esa 700 ming dollaridan judo bo'lgan. Tinchlik uchun Nobel mukofoti laureati Elie vizel va uning rafiqasi butun jamg'armalaridan — 12 million dollardan, shuningdek, o'zlarining notijorat tashkiloti — Elie Wiesel Foundation for Humanity jamg'armasidagi 15 million dollardan mosuvo bo'ldilar. vizelning aytishicha, uni Medoff bilan 50 yildan beri do'st bo'lib kelayotgan “boy, ishonchli do'sti” tanishtirgan.
Moliyaviy tahlilchi Garri Markopolos bir necha bor AQSh Qimmatli qog'ozlar va birjalar komissiyasiga (SEC) Medoffning firibgar ekani haqida dalillarni taqdim etgan. Aniqrog'i, 2005 yilda u batafsil tekshiruv o'tkazgan. O'z navbatida SEC Medoff firmasini kamida besh marta tekshirgan va hech qachon qonunbuzarlik topa olmagan.
Moliyaviy piramida 2008 yilning oxirida, ayni global iqtisodiy inqiroz avj olayotgan paytda fosh bo'ldi. Sarmoyadorlar o'z pullarini qaytarib olishni xohlashdi, Medoffda esa mablag' yo'q edi. Oxir-oqibat Bernard o'z oilasiga bu sxemani uyushtirganini tan oldi. Firmada ishlagan o'g'illari Mark va Endryu otasini federal hokimiyatga topshirdi hamda ertasi kuni u hibsga olindi.
Jabrlanuvchilar dastlabki investitsiyalarda taxminan 20 milliard dollar yo'qotishdi va jami yo'qotishlar “qog'oz boylik” shaklida 65 milliard dollarga baholandi – bu barcha ro'yxatga olingan aktivlarning qiymati edi. 2009 yilda firibgar 11 ta band bo'yicha aybini tan oldi, jumladan, qimmatli qog'ozlar bo'yicha firibgarlik, pul yuvish va SEC tashkilotiga soxta hujjatlar taqdim etish shular jumlasidan edi. Sud'ya uning xatti-harakatlarini “favqulodda yovuzlik” deb baholadi va Bernardni 150 yillik qamoq jazosiga hukm qildi. Bernard qilgan jinoyatlaridan tavba qilganini aytdi. Umuman olganda, sud Medoffga jabrlangan mijozlariga taxminan 17 milliard dollar to'lashni buyurdi.
Ko'ngilsizliklar shu bilan tugamadi. Otasi hibsga olinganidan ikki yil o'tgach, Mark o'z joniga qasd qildi. Medoffning rafiqasi Rut, eri qamoqqa hukm qilinganida bor boyligini topshirishga majbur bo'ldi. U eri bilan aloqani uzib, Konnektikut shtatiga ko'chib ketdi.
Abror Zohidov



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0