Bankka qaram bo'lib borayotgan xalq: Odamlar kredit to'lash uchun yashaydimi?
Yaqinda bank sohasida ishlaydigan tanishimdan kredit haqida fikrini so'raganimda, aslida banklarning o'zi ham kreditga qarshi, xalq farovon yashashini xohlaydi” dedi. Agar shunday bo'lsa, nima uchun farovon davlatlar qatori uylarni past foiz evaziga bermaydi?
Yashirishning hojati yo'q, bugungi kunda mamlakatimiz aholisining soni yildan-yilga oshmoqda. Bu esa tabiiyki, uy-joyga bo'lgan ehtiyojni oshiradi. Aholining ushbu ehtiyoji kengroq qondirilishi uchun yangidan-yangi, zamonaviy urfdagi, ko'zni quvontiradigan shinam uylar qurilmoqda. Biroq qancha ko'p uylar qurilmasin, aholining naqd pulga olish imkoniyati kam. Shuning uchun bo'lsa kerak, kredit oluvchilarning soni oshib bormoqda.
Aholining asosiy qismi oylik daromadga ega, ammo bugungi kundagi “kosmik” narxlar bilan oylikka yashaydiganlarning uy olishi amrimahol. Aholi o'rtacha 3 million so'mdan 6 milliongacha maosh oladi. Xaridni ipoteka kreditlari asosida amalga oshirmoqchi bo'lganlar uchun kreditlarning foizi hamon yuqoriligicha qolmoqda.
Maqolani yozish chog'ida surishtiruv o'tkazdik. Shu narsa aniq bo'ldiki, kreditga uy olganlardan bank yillik 22 foizdan 25 foizgacha ustama so'raydi. Unda ham boshlang'ich to'lovning 25-30 fozini to'lashga to'g'ri keladi. Bank iste'molchilarga 15-20 yilgacha kreditni to'lash imkoniyatini bermoqda.
Toshkent shahrida o'rtacha ikki xonali uyning ipoteka krediti bir oyda 8-9 million atrofida aylanmoqda (bu kamida, kvadrati va necha yilga berilganligiga qarab).
Agar oilada bir kishi ishlaydigan bo'lsa, bu albatta og'irlik qiladi. Sababi uning topayotgan puli ham ro'zg'orga yetishi, ham ipoteka kreditini to'lashga yetmasligi turgan gap. Kuzatuvlarim asosida bemalol ayta olamanki, o'zbek xalqi uyiga kredit to'lash uchun yashashi kerakmi?
Yaqinda bank sohasida ishlaydigan tanishimdan kredit haqida fikrini so'raganimda, aslida banklarning o'zi ham kreditga qarshi, xalq farovon yashashini xohlaydi” dedi. Agar shunday bo'lsa, nima uchun farovon davlatlar qatori uylarni past foiz evaziga bermaydi?
Qolaversa banklar mijozdan avvaldan 25-30 foizini talab qilmoqda. E'tibor bersangiz, boshqa davlatlarda, hatto yon qo'shnimiz Qozog'istonda ham boshlang'ich to'lov o'rtacha 5 foizdan 10 foizgachani tashkil etadi. Daromadi eng yuqori bo'lgan davlatlardan biri bo'lgan AQShda esa yillik foiz stavkasi 10 yildan 30 yilgacha, yiliga 5 foizdan to'lash sharti bilan ipoteka kreditlarini ajratmoqda.
Bizda uy olishda oddiy odamlar foyda ko'rmayapti. Imtiyoz asosida uy oladiganlar esa, barmoq bilan sanarli. Faqat qurilish tashkilotlari va banklargina bundan mo'maygina daromad topmoqda.
Maqola yozish jarayonida, ipoteka krediti bor insonlarning ayrimlari kredit tarixlari haqida gapirishdi. Ulardan ayrimlarini keltirib o'taman.
Dizayner (ismini sir tutdi):
– Toshkent shahriga 2007 yilda o'qishga kelganman. Men tanlagan soha bo'yicha qishloqda ish topilmadi va poytaxtda ishlab qoldim. Uylandim. Yodingizda bo'lsa, 2015 yillarda Toshkent propiskasi bo'lmaganlar o'z nomiga uy ololmas edi. Tabiiyki, ipoteka krediti ham yo'q edi. Uy uchun muntazam mablag' yiqqan bo'lishimga qaramasdan har safar u pul boshqa maqsadlarga ishlatilib ketardi. Va nihoyat, 2022 yilning noyabr' oyida minib turgan mashinamni sotib, kreditga ikki xonali uy oldim. Boshlang'ich to'lovga 135 million to'ladim va qolgan qismini 10 yillik kredit tarzida har oy 8 mln 400 ming so'mdan to'lab borishga kelishdik. O'zim ham, ayolim ham ishlaymiz va oilaviy xarajatlarni birgalikda bo'lib olganmiz. Men ikki xonali uyni 44 ming dollarga olganman. Ayni paytda bu uyning bahosi 60 ming dollarga baholanmoqda. Сhunki yaqin 1,5-2 yilda uylarning narxi sezilarli oshdi.
Kredit bilan yashash ijarada yashagandan yaxshi deb ayta olaman. Sababi, oldin uy olgunimcha ikki xonali, o'rtacha ta'mirlangan uyga salkam 4 mln so'mga yaqin pul to'lardim. Hozir o'z uyimga to'layapman. Qarz bilan yashashni esa, hech kimga tavsiya qilmayman.
Huquqshunos (ismini sir tutdi):
– Asli Qoraqalpog'istonlikman. Oila qurgach, ayolim bilan kreditga uy olguncha ijarada yashadim. Yaxshi sharoitli uy xohlaganim uchun 1 xonali uyga 350 dollar to'laganman. 2022 yili 20 yilga 17 foizdan 58 kvadrat metrli 2 xonali uyni 500 mlnga olganman. Kredit olganimga afsus qilmadim, chunki oilam bor, lekin oyiga to'laydigan to'lov juda katta. Agar kredit foizlari past bo'lsa, hammaga kredit olish foydali bo'ladi. O'zbekiston sharoitida o'zi qiyin ahvolda yurgan odam kredit olmasligi kerak, kreditni o'rta hol yashayotganlar olishi kerak. Doimiy daromadi bor bo'lgan odamgina olishi lozim, uy yoki mashinani tavakkal asosida kreditga olish juda katta xato.
Doimiy daromadi bor va o'sha hududda muqim yashashni rejalashtirgan odamning ijarada turishini noto'g'ri deb bilaman. O'sha paytda 500 mln so'mga olgan bo'lsam, hozir o'sha uylar 800 mln bo'lsa kerak, surishtirib ko'rmadim. Qisqa qilib aytganda, kreditni har oy qiynalmasdan to'lay oladigan daromadingiz bo'lgan paytda olishingiz kerak. Birovlar undan ko'ra o'sha pullarni yig'ib birdan sotib olaman deb o'ylashi mumkin, lekin u vaqtgacha qaerda yashayman va aniq reja bilan pulni yig'a olamanmi degan savolga javob topishi lozim.
Xolida Egamberdieva, jurnalist:
– Nurafshon shahar markazidan 2021 yilda 72 kvadrat metrli, uch xonali uyni kreditga olganman. Uyning baholangan narxi 282 mln so'm edi. Boshlang'ich to'lovga 42 mln. to'laganman. O'sha paytda uyimning kvadrati 4 mln so'mdan tushgan. Ayni paytda Nurafshon shahridagi yangi qurilayotgan uylarning narxi kv.metri 6-8 mln.dan sotilmoqda. Yashashga boshqa uyim bo'lmagani uchun kredit olganimga aslo afsus qilmaganman. Undan oldin uch yil 1 mln so'mdan to'lab ijarada yashaganman. Kreditim uchun har oy 3,5 mln to'layman, 20 yil bir xil narxda. Bundan tashqari turli maishiy texnika ham kredit evaziga olingan. Xullas, faqatgina kreditlarga ketadigan oylik xarajatim deyarli 5 mln so'm.
O'zim kredit olgan bo'lsam-da, bunga qarshiman. Sababi, kreditdan boshqa xarajatlarimiz: ro'zg'or, yo'l haqi, kiyim-kechak dori-darmon. Imkoni bo'lsa, pul yig'ib, katta xarajatlarni naqd pulga olish kerak.
Advokat (ismi sir tutiladi):
– Birinchi kreditni 2018 yilda Toshkentda qurilgan yangi uy-joylardan olganman. Ipoteka krediti. 32 mln boshlang'ich to'lov qilib, qolgan qariyb 93 mln so'mni bankdan 20 yilga kredit tarzda chiqarganman. O'sha paytda men olgan ikki xonali o'sha uy 125 mln so'm arofida edi. Hozir esa ancha oshgan. Taxminan 50-60 ming dollar atrofida. Kredit olganimga afsus qilmayman. Сhunki ko'chmas mulk qimmati tushib ketmaydi.
Ikkinchi kreditim ham uy-joy bilan bog'liq. Uniyam o'tgan yili poytaxtdagi yangi qurilayotgan turar joylardan xonadon sotib olish uchun oldim. 282 mln so'mdan ziyod kredit 20 yillik muddatga olingan. Bunga ham afsuslanmayman, sabab yuqorida aytganimdek, uy narxi o'sha paytda salkam 500 mln baholangan bo'lsa, hozirgi kunga kelib tabiiyki narxi oshgan, taxminan 60-70 ming dollar atrofida.
Yana bitta kreditim bor. Bu chet elda ishlab chiqarilgan krossover avtomashinasi. 3 yil muddatga 218 mln so'mdan ortiq kredit olingan. Qimmat bo'lsayam shunga arziydi deb hisoblayman.
Bahora Ahmedova:
– Ijaraga to'lagandan ko'ra, o'zimizning uyga to'lasak yaxshi-ku! Kreditni kim oladi, muhtojlar oladi! 10 yilga kreditga uy oldik, ammo oson bo'lmayapti. Kredit hatto tushlarimga ham kirib chiqadi. Kreditdan qutulgan kunim to'y qilib yuborsam ham arziydi.
Komil Ahmedov:
– Men ham ikkilamchi bozordan kreditga uy olganman. Yillik 22 foiz. Eng muhimi o'z uyimizga to'layapmiz, deb o'zimizni ovutyapmiz. Lekin xalqimiz tobora kreditga bog'lanib bormoqda. Yaqin 5-10 yil ichida biz ham ayrim xorijliklarga o'xshab bankka qul bo'lib qolmasak bo'lgani. Agar vaqtni orqaga qaytarishning iloji bo'lsa, olmagan bo'lar edim. Krediti yo'q odamlarga havas qilaman.
O'qituvchi (ismini sir tutdi):
– Kreditga uy olib, 15-20 yil qarz bo'lib yashagandan ko'ra, ijara uyda qarzsiz, xotirjam yashaganga yetmaydi. Biz uy olishni oliy maqsad qilib qo'yganmiz, chet davlatlarda ijara uyda umrbod yashab o'tishadi.
Xulosa o'rnida aytadigan bo'lsak, qabul qilinayotgan qonunlar avvalo inson manfaati uchun bo'lishi lozim. Biroq hayot uchun eng birlamchi ehtiyoj bo'lgan — uy olishdagi qiyinchiliklar xalqni tobora qiynamoqda. Maqolani tugatayotib, ayni paytda telegram kanallarda aylanayotgan ushbu e'lon e'tiborimni tortdi.
“Toshkentda “novostroyka”lar narxi oshishi mumkin
O'zbekistondagi ko'chmas mulk axborot portali rahbari ekspert ma'lumotlariga tayanib, 2024 yil uchun prognozlar bilan o'rtoqlashdi.
Unga ko'ra, yangi uylarda uy-joy narxlari 30 foizga oshadi, 1000 dan 1300 dollargacha. Bitimlar soni ham ortadi: o'sish 6-7 foiz oralig'ida prognoz qilinmoqda.
Agar bu xabar rost bo'lsa, uy olish arafasida turgan minglab yurtdoshlarimizga hamdardmiz.
Bugungi maqola asosan shaxsiy kuzatuvlar va albatta real insonlarning fikrlari bilan yozildi. Tez kunda mashhur iqtisodchi, professor Abdurahim Vahobov bilan “Aholining kreditlarga bog'lanib qolishi” mavzusidagi suhbatni havola etamiz.
Feruza Rahimova,
Ishonch.uz
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0