Dunyodagi eng qashshoq davlatlar haqida nimalarni bilasiz?
Dunyoning eng qashshoq mamlakatlari fuqarolar urushi, etnik va diniy nizolardan aziyat chekmoqda. COvID-19, o'sib borayotgan inflyatsiya va Ukrainadagi urush ularning ahvolini yanada og'irlashtirdi. Bu haqida Global Finance jurnali ma'lumot berdi. Qayd qilinishicha, butun insoniyatga munosib turmush darajasini ta'minlash uchun dunyoda yetarli boylik va resurslar mavjud. Shunga qaramay, Janubiy Sudan, Burundi va Markaziy Afrika Respublikasi kabi mamlakatlardagi odamlar umidsiz qashshoqlikda yashashda davom etmoqda.
Dunyoning eng qashshoq davlatlari qatoriga yillar davomida siyosiy beqarorlik va mojarolarga duch kelayotgan Afg'oniston, Suriya va Eritreya ham kiritilgan. Yuqori o'ntalikdan Kongo Demokratik Respublikasi, Mozambik, Niger, Malavi, Liberiya, Madagaskar va Yaman ham joy olgan. Fuqarolarning normal hayot kechirishi nafaqat daromad miqdori, balki uy-joy, hayot uchun zarur bo'lgan oziq-ovqat, buyum yoki dori vositalardan foydalanish imkoniyati bo'lsa-da, ba'zi bir davlatda bir qarashda tabiiy tuyuladigan ushbu sharoitlar yaratilmagan.
Masalan, Oksford universiteti mutaxassislari tomonidan olib borilgan tadqiqotlar dunyo aholisining 76 foizi (5,5 milliardan ziyod kishi) istiqomat qiladigan 103 davlatda kamida 26,5 foiz (1,46 milliard) kishi qashshoqlik yoqasida yashashini ko'rsatdi.
Eng qashshoq davlatlar asosan avtoritar rejimlar, doimiy harbiy mojarolar, rivojlanmagan iqtisodiyot, umumiy korruptsiya, jinoyatchilik, ekologik qiyinchiliklar va boshqa ko'plab muammolar hukmronlik qiladigan Afrikada joylashgan.
2024 yilda aniqlangan dunyoning eng qashshoq davlatlar reytingining kuchli uchtaligi quyidagicha keltirilgan.
1 Janubiy Sudan dunyodagi eng qashshoq davlatlar kuchli birinchi o'rinda turibdi.
2 Sharqiy Afrikadagi Burundi dunyodagi eng qashshoq davlatlar reytingida ikkinchi o'rinni egallagan.
3 Markaziy Afrika Respublikasi dunyodagi eng qashshoq davlatlar reytingida uchinchi o'rinni egallagan.
Sudan
Dunyoning eng qashshoq davlatlaridan biri bo'lgan Janubiy Sudan 2011 yilda yaratilganidan beri zo'ravonliklardan aziyat chekmoqda. Mutaxassislarning aytishicha, Janubiy Sudan hududi oltin, mis va temir zaxiralariga boy, lekin ularni o'zlashtirish uchun xorijiy sarmoya kerak. Aholining aksariyati an'anaviy qishloq xo'jaligi bilan band, ammo zo'ravonlik va ekstremal iqlim hodisalari ko'pincha fermerlarga ekin ekish yoki yig'ib olishga to'sqinlik qiladi. Bu yil taxminan 9 million kishi, ya'ni Janubiy Sudan aholisining 60 foizidan ortig'i gumanitar yordamga muhtoj.
Burundi
11,4 millionga yaqin aholisi bo'lgan Sharqiy Afrikadagi Burundi dunyodagi eng qashshoq davlatlar reytingida ikkinchi o'rinda egallagan. Inglizlar 200 yil oldin tark etgandan so'ng mamlakat Bel'giya ta'siriga tushib qolgan va Burundi 1962 yilda rasman mustaqillikka erishdi. YaIMning 40 foizdan ortig'i qishloq xo'jaligi, asosan, choy va qahva eksporti hisobidan ishlab chiqariladi. Davlat zaif infratuzilmaga ega, aholining ta'lim va tibbiy xizmatlardan foydalanish huquqi cheklangan. Daromadlari past aholi ochlikdan aziyat chekib kelmoqda.
Markaziy Afrika Respublikasi
2024 yilda dunyodagi eng qashshoq mamlakatlari qatoridan joy oldi. Sobiq frantsuz mustamlakasi 1960 yilda mustaqillikka erishdi. Lekin yillar davomida davlatni mamlakat taraqqiyotiga salbiy ta'sir ko'rsatayotgan harbiy to'qnashuvlar, to'ntarishlar va turli qurolli to'dalar boshqarib kelmoqda. Aholisi 4,8 million kishini tashkil qiladigan respublikada tabiiy resurslar, oltin, olmos, neftning ko'pligiga qaramay, mahalliy aholining ko'p sonli aholisi ko'chalarda yashashga majbur.
Ma'lumot o'rnida aytish mumkinki, O'zbekiston reytingda 67-o'rinda qayd etilgan (reytingdagi o'rin qanchalik yuqori bo'lsa, mamlakat shunchalik qashshoq hisoblanadi). Taqqoslash uchun: Tojikiston 43-o'rinda, Qirg'iziston 48-o'rinda (har ikkalasining ahvoli O'zbekistondan yomonroq), Turkmaniston 101-o'rinda, Qozog'iston 128-o'rinda (bu ikkalasining ahvoli O'zbekistondan yaxshiroq).
“Dunyodagi eng boy 10 ta davlatda aholi jon boshiga o'rtacha yillik xarid qobiliyati 110 ming dollardan oshadi. 10 ta eng kambag'alida esa 1 ming 500 dollardan kam. Yomon jihati shuki, qashshoqlik ko'pincha qashshoqlikni kuchaytirishi mumkin”, — deya xulosa qiladi reyting tuzuvchilar.
Madina Po'lat qizi
Ishonch.uz
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0