O‘qituvchini daladan qutqarib, platformaga qamab qo‘ydik...
O‘qituvchini majburiy mehnatdan ozod qildik, maoshini oshirdik. Ammo bugun sinfxonalarga kirsangiz, ularda hamon nimadir etishmayotganini his qilasiz.
Hozirgi o‘qituvchilar endi dalada jismoniy mehnat bilan emas, balki raqamli maydon va hisobotbozlik ummonida zanjirband. Har xil shiorlar ostida o‘tkazilayotgan sport musobaqalari, turfa maʼnaviy tadbirlar ustozlarning jismoniy-maʼnaviy quvvatini oshirayotgandir, lekin ularning ko‘zlarida charchoq ustuvor.
Qiziq, sifatli zamonaviy taʼlim deganda biz faqat reytinglar va elektron jurnallardagi raqamlarni tushunmayapmizmi? O‘qituvchining bor diqqat-eʼtibori telefondagi platformani to‘ldirishga qaratilgan bir paytda, bolaning qalbidagi savollarga kim javob beradi? Haqiqatan ham, sifatni oshiryapmizmi yoki shunchaki muammolar ustiga yaltiroq qog‘oz o‘rayapmizmi?
O‘qituvchilarning ish stoliga bir nazar soling, unda kitob va daftar emas – smartfon yoki noutbuk turganiga guvoh bo‘lasiz.
To‘g‘ri, taʼlimni raqamlashtirish orqali tizimni shaffoflashtirmoqchi va muallimlarning yukini engillashtirmoqchi edik. Biroq real holat buning mutlaqo aksini ko‘rsatmoqda. Elektron jurnal, onlayn platformalar va turli monitoring tizimlari ularni taʼlimdan virtual hisobot tomon surib qo‘ygandek...
Dars jarayonini tasavvur qilib ko‘ring. O‘qituvchi mavzuni tushuntirish, bolaning iqtidorini payqash va u bilan individual ishlash o‘rniga qo‘lidagi telefonga termulib, davomat qilish, qo‘yilgan baholarni bazaga kiritish bilan ovora. Bunday paytda internet pand bersa yoki tizim ishlamay qolsa, tomoshani ko‘raverasiz. Hozirgi tizim uchun bola nima o‘rganayotgani emas, balki darsda o‘tirishi, o‘zini tutishi muhimroqdek…
Raqamli islohotlarning mohiyati bilim sifatini oshirishdan iborat bo‘lishi kerak edi. Lekin hozircha biz faqat raqamlar ortidan quvish va hisobot uchun hisobot berish bosqichida to‘xtab qolgandekmiz. Eng achinarlisi, bu jarayon o‘qituvchining vaqtini tejash o‘rniga, shaxsiy va dam olish vaqtini ham o‘g‘irlamoqda. Kechqurun oila davrasida bo‘lishi kerak bo‘lgan pedagog qaysidir platformadagi xatolarni to‘g‘rilash, guruhlardagi so‘rovnomalarga javob berish bilan ovora. Uyida ham shu ahvol. Turmush o‘rtog‘i, farzandlari uni vazifasidan «chalg‘itolmaydi», bunga haqi ham yo‘q. Chunki muallim uyda ham muallimlik qilishga majbur!
Bugun taʼlim tizimida yangi bir trend shakllandi, yaʼni o‘qituvchi turli sport va maʼrifiy tadbirlarning universal ishtirokchisiga aylandi. Ammo bunday tadbirlar ko‘p hollarda o‘qituvchining xohishiga emas, balki yuqoridan kelgan buyruqlarga borib taqalmoqda. Achinarlisi, ko‘pgina maʼnaviy-maʼrifiy va sport tadbirlari taʼlim sifatini oshirishga emas, tizim faolligini ko‘rsatib turuvchi ko‘rgazmaga aylanib bormoqda.
Biz o‘qituvchi dam olsin, sport bilan shug‘ullansin, maʼnaviyatini, dunyoqarashini yuksaltirsin, deymiz. Lekin bu jarayon qanday kechyapti? Dam olish kunida yoki ishdan keyin uni mini-futbol, voleybol o‘ynashga majburlash adolatdanmi? Sog‘lom turmush tarzi shumi?
Ko‘pchilik o‘qituvchining ish kunini soat 8:00 dan 14:00 gacha, deb o‘ylaydi. Ammo real jadval boshqacha. Masalan, Gulchehra opaning so‘zlarini tinglar ekanmiz, uning asosiy vaqti va quvvati qaerga sarf bo‘layotganini ko‘ramiz.
– Gulchehra opa, kun tartibingizni soatma-soat tahlil qilsak. Ish vaqti tugashi bilan uyga qaytasizmi?– Soat 14:00 da ish vaqtim tugaydi. Endi uyga ketaman, deb turganimda, yuqoridan buyruq keladi: «Hamma rahbarlar, maʼnaviyatchilar va sinf rahbarlari ZOOM platformasi orqali majlisga kirsin!» Shu tariqa charchoqdan oyog‘ingiz qaltirayotganda, monitorga qarab navbatdagi topshiriqlarni eshitishga majbursiz.– Taʼlimga yangi raqamli tizimlar, xususan, o‘quvchilarni ro‘yxatga olish jarayonlari kiritildi. Bu o‘qituvchiga engillik berdimi?– Aksincha! Hozir Face ID degan narsa chiqqan. O‘qituvchi darsni tashlab, maktab bo‘ylab «antenna» qidirib yuradi. Nima emish, o‘quvchini tizimdan ro‘yxatdan o‘tkazish kerak. Dars qolib ketyapti, bolalar qarovsiz, muallim esa qo‘lida telefon, o‘quvchini yuzini kameraga tutish bilan band. Ish faqat darsda tugasa qaniydi...– Maktabdan keyin-chi? Uyda darsga tayyorgarlik ko‘rasizmi?– Qaysi darsga tayyorgarlik? Kechasi bilan «e-maktab» platformasida ota-onalar rolini ijro etaman. To‘g‘risini aytaman, ko‘p ota-onalar tizimga kirib, farzandining bahosini ko‘rmaydi. Yuqoridan esa ota-onalarning kirish foizi past, deb dashnom berishadi. Nima qilamiz? Tunda 30 nafar o‘quvchining ota-onasi nomidan birma-bir tizimga kirib chiqaman. Agar 5 ta sinfga dars bersam, bu 150 nafar o‘quvchi degani! 150 marta kirib-chiqish, mavzu yozish, baholash... Barmoqlarim tolib, ko‘zim tinib ketadi.– Bunday charchoq dars sifatiga ham taʼsir qiladimi?– Albatta, taʼsir qiladi! O‘qituvchi tuni bilan telefonda baza to‘ldirib, kunduzi majlis va Face ID bilan ovora bo‘lgandan keyin darsga quvvati etmaydi-da. Keyin ota-onalar haqli ravishda: «Maktabda yaxshi taʼlim berilmayapti, bolamni qo‘shimcha kurslarga qo‘yaman», deyishadi. O‘quvchilar darsni tashlab, pulli markazlarga ketishadi. Alam qiladigani bunga ham o‘qituvchi aybdor! |
Ko‘rib turganingizdek, muallimlarni texnikaga, internetga va ZOOM majlislariga bandi qilib qo‘yyapmiz. Bu holatda sifat haqida qancha gapirmaylik, foydasi yo‘q! O‘qituvchi 150 nafar ota-ona nomidan «hayot kechirar» ekan, real taʼlim jarlik yoqasida qolaveradi.
Taʼlim inson taqdiri, millatning ertangi intellektual qiyofasidir. Bir tomondan o‘qituvchini majburiy mehnatdan ozod qildik, deb olamga jar solyapmiz, boshqa tomondan esa, ularni raqamli majburiyatlar va tadbirbozliklarga ko‘mib tashlayapmiz.
Aslida o‘qituvchiga stadiondagi g‘alaba emas – sinfxonadagi xotirjamlik kerak! Unga «e-maktab»dagi benuqson davomatdan ko‘ra, kitob varaqlab, o‘z ustida ishlashi uchun vaqt va quvvat zarur! Shunday emasmi? Siz nima deysiz?
Dildora IBROHIMOVA,
Ishonch.uz
Manba: "Ishonch" gazetasining 2026 yil 19 maydagi 59-soni.



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0