Open byudjet: qo'zichoqdan Lasettigacha
Open byudjetga bitta ovoz qancha bo'lyapti, deysizmi? Hozircha 20 mingdan 50 minggacha. Agar ko'plashib ovoz bersangiz qo'zichoqdan Lasettigacha olishingiz mumkin.
Loy ko'chalardan, ta'mirsiz maktablaru bog'chalardan bezigan odamlar ko'chama ko'cha, bozorma bozor, xatto uyma uy yurib ovoz yig'ishmoqda. Keb qoling, obqoling, istangiz yog' oling, istasangiz qo'zichoq!!! Ovoz bersangiz bas!!!
Telegramdagi qarindosh-urug', yor birodarlardan tilanayotgan ovozlardan tashqari pepsi-kola, bir litr yog', xatto tug'iliboq onasidan ayirib olingan mitti qo'zichoqlargacha qurbonlikka berilmoqda. Faqat ovoz bersangiz bas!
Ha, 10 ta ovozga qo'zichoq, 50 ta ovozga buzoqcha, 100 ta ovozga ot beramiz, deb turishibdi. Hattoki mingta ovoz uchun Lasetti ham bor. To'g'rida, maydalashib o'tiradimi o'tgan ketganning ko'ziga mo'ltirab…
Mahallalarning raqobatlarini aytmaysizmi, xatto ovoz uchun tarafma-taraf bo'lib bir-birlarini kaltaklashib tepkilayotgan olomonga bir jangling chiqsa, bir achinasan…
Har tugul vaqtini, sog'ligini, g'ururini qurbon qilib ertadan kechgacha tik oyoqda turganlar, pod'ezma pod'ezd yurib chiqayotganlar, bolasiga, oilasiga ajratadigan vaqtini ko'chasi, maktabi uchun sarflayotganlarni ayrim mahallalar mukofotlab ham turishibdi. Bir mahallada ovoz yiqqanlarga iftorlik qilib osh tarqatildi.
Shunday har xil hangomalar... kasal bo'lib shifoxonaga borsangiz ham, ish bilan ko'chaga, bozor-o'charga chiqsangiz ham “Open byudjet” mashmashalari…
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0