O'tgan yili voyaga yetmagan 3 mingdan ortiq bola jinoiy javobgarlikka tortilgan
Shundan 1 602 nafari o'g'rilik, 453 nafari bezorilik va 135 nafari firibgarlik qilgani uchun mahkamaga tortilgan. Ular orasida nomusga tegish va qotillik jinoyatlari ko'rsatkichlari ham o'tgan yilga nisbatan oshgan.
2023 yilning yanvar'-dekabr' oylarida jinoyat sodir etgan shaxslarning umumiy soni 88 913 nafarni tashkil etgan. Shundan 72 061 nafari (81,9 foiz) jinoiy javobgarlikka tortilgan. Ularning 3,9 foizi yoki 3 559 nafar (314 nafari qiz bolalar)ini voyaga yetmaganlar tashkil etdi.
Statistika agentligi ma'lumotiga ko'ra, hisobot davrida voyaga yetmaganlar orasida jinoyati uchun mahkamaga tortilgan shaxslar soni 2022 yilning shu davriga nisbatan 487 kishiga yoki 15,6 foizga, 2021 yilning yanvar'-dekabr' oylariga nisbatan esa 1,4 barobarga oshgan.
Yosh toifasiga ko'ra, ularning 744 nafari 13-15 yosh, 2 855 nafari esa 16-17 yoshlilardir.
Jinoyat sodir etgan voyaga yetmaganlarning 82,6 foizi yoki 2 940 nafari jinoiy javobgarlikka tortilgan.
Voyaga yetmaganlar eng ko'p – Farg'ona (700 kishi), Namangan (451 kishi) va Toshkent (345 kishi) viloyatlarida, Toshkent shahrida (545 kishi) jinoyat sodir qilgan. Shu bilan birga, Jizzax (54 nafar), Xorazm (66 nafar), Sirdaryo (77 nafar), va Navoiy (62 nafar) viloyatlarida eng kam huquqbuzarlik sodir etgan voyaga yetmaganlar qayd etilgan.
Jinoyat turlari kesimida esa – 1 602 ta voyaga yetmagan shaxslar o'g'rilik, 453 ta bezorilik, 135 ta firibgarlik, 181 ta talonchilik va bosqinchilik, 104 ta qasddan badanga og'ir shikast yetkazish, 54 ta nomusga tegish va nomusga tegishga urinish, 12 ta qasddan odam o'ldirish jinoyatlarini sodir etgan.
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0