“Yutuq va yo'qotish”: O'zbekistonning iqtidorli yoshlari nima uchun chet elga ketmoqda?
“Men Sarvarman, vaqti kelib o'qshimni xorijda davom ettirayotgan yoshlardan biriman. Maktabda har doim a'lo baholarga o'qiganman. Ingliz tilini ham yaxshi o'rgandim, IELTS imtihonidan 7 balni qo'lga kiritdim. Shunday qilib, O'zbekistonda ham yaxshi o'qishim, ish topishim mumkin edi. Ammo, men shunchaki o'qib, ishlaydiganlardan bo'lishni istamasdim. Mening yuksakroq orzularim bor edi.
Menga har doim Amerika universitetlari hayrat bergan. Ular nafaqat o'qitish sifatida, balki tadqiqotlari va imkoniyatlari bilan ham dunyoga tanilgan. Men ham o'sha yerda o'qib, o'zimni sinab ko'rishni juda xohlardim. Shuning uchun, barcha tayyorgarliklardan o'tib, Amerikaga o'qishga keldim.
Amerikaga kelganimdan keyin hayotim butunlay o'zgardi. Bu yerda o'qish – bu shunchaki darslarga qatnashish emas, balki doimo izlanishda bo'lish, yangi bilimlarni o'rganish demakdir. O'qituvchilar bizga faqat bilim bermaydi, balki o'z fikrimizni bildirishga, tanqidiy fikrlashga va doimo o'sishga undaydi. Bu yerda zamonaviy laboratoriyalarda ilmiy ishlar olib borish imkoniyati bor. Kutubxonalarda o'zimga kerakli hamma narsa bor.
O'zbekistonda o'qiganimda, ba'zan o'zimni juda chegaralangan his qilardim. Ta'lim sifatining pastligi, byurokratiya, korruptsiya – bularning barchasi bizning o'sishimizga to'sqinlik qilardi. O'qishni tugatgandan keyin ishlash masalasi ham juda muhim edi. Ko'p tanishlarim o'qishni bitirib, ish topa olmay qiynalishardi. Ish topganlarining ham aksariyati kam maosh olardi.
Amerika menga yangi dunyoni ochdi. Men o'zimning sohamda yetuk mutaxassis bo'lib yetishish imkoniyatiga ega bo'ldim. Bu yerda o'z g'oyalarimni ro'yobga chiqarish, tadqiqotlarimni dunyoga tanitish imkoniyatiga egaman. Men nafaqat o'qish bilan shug'ullanaman, balki ilmiy loyihalarda ham faol ishtirok etaman. Bu yerda bizga o'zimizni ko'rsatishimiz uchun har tomonlama imkoniyatlar yaratilgan.
Albatta, men o'z yurtimni ham juda yaxshi ko'raman. U yerda mening ota-onam, do'stlarim bor. Lekin, men o'zimning intilishlarimga ergashishim kerak edi. O'zbekistonda o'zimni shu darajada ko'rsata olmasligimdan xavotirdaman. Shu sababli, hozircha o'z bilimim va qobiliyatlarimni xorijda rivojlantirmoqdaman.
Balki, kelajakda O'zbekistonga qaytib, o'z yurtimga yordam berish imkoniyatiga ega bo'larman. Lekin, hozircha men o'zim uchun, kelajagim uchun kurashaman. Bilaman, men kabi yuzlab o'zbek yoshlari shunday o'ylar bilan chet ellarda o'qishni afzal ko'rishmoqda. Bunga bizni majbur qilgan muammolar barchamizga ayon.
Biz yoshlar o'z yurtimizda qolishni, o'z bilim va qobiliyatimizni O'zbekiston rivoji uchun sarflashni xohlardik. Lekin, buning uchun sharoit va imkoniyatlar yaratilishi kerak. O'zbekistonda ta'lim tizimi isloh qilinishi, korruptsiyaga qarshi kurashish, yoshlar uchun munosib ish o'rinlari yaratilishi kerak. Shunda biz kelajakda o'z yurtimizga qaytib, uni rivojlantirishga o'z hissamizni qo'sha olamiz”.
Statistika agentligi ma'lumotlariga ko'ra, 2024 yilning yanvar-sentyabr' oylarida jami 30,4 ming nafar O'zbekiston fuqarolari o'qish maqsadida chet elga borgan. Joriy yilning 9 oyida o'qish maqsadida chet elga ketgan O'zbekiston fuqarolari mamlakatlar bo'yicha quyidagicha:
Tojikiston — 11 409 nafar;
Rossiya — 7 301 nafar;
Qirg'iziston — 2 845 nafar;
Turkiya — 2 195 nafar;
Janubiy Koreya — 1 839 nafar;
Qozog'iston — 1 372 nafar;
Buyuk Britaniya — 693 nafar;
Xitoy — 672 nafar;
AQSh — 486 nafar;
BAA — 295 nafar;
Boshqa davlatlar — 1 292 nafar.
Boshqa davlatlar — 1 292 nafar.
Bu raqam yildan-yilga o'sib bormoqda. Ularning aksariyati AQSh, Yevropa, Rossiya, Janubiy Koreya va qo'shni davlatlardagi oliy o'quv yurtlarida tahsil olmoqda. Bu o'zbek yoshlarining salohiyatidan dalolat beradi, ammo bu salohiyatni o'z yurtimizda qanday ushlab qolishimiz kerak, degan savol ham tug'iladi.
Ta'lim sifatidagi tafovut
Xorijiy universitetlarda ta'lim sifati O'zbekistondagi oliy o'quv yurtlariga nisbatan yuqori hisoblanadi. O'quv dasturlari zamonaviy, o'qituvchilar malakali, o'quv resurslari va imkoniyatlari kengroq. Bu yoshlarga o'z sohasida yetuk mutaxassis bo'lib yetishish imkonini beradi.
Xalqaro tan olinish
Сhet el diplomi dunyo miqyosida tan olinadi va yoshlarga xalqaro kompaniyalarda ishlash imkonini beradi. Bu, ayniqsa, yosh mutaxassislar uchun muhim omil hisoblanadi.
Karera istiqbollari
Сhet elda o'qish va ishlash yoshlarga o'z karerasini rivojlantirish uchun ko'proq imkoniyatlar yaratadi. Ularning xalqaro kompaniyalarda ishlash va o'z sohasida yetakchi bo'lish ehtimoli yuqori.
Zamonaviy o'quv resurslari
Xorijiy universitetlar zamonaviy laboratoriyalar, kutubxonalar va texnologiyalar bilan ta'minlangan. Bu yoshlarga ilmiy izlanishlar olib borish va amaliy ko'nikmalarni rivojlantirishda yordam beradi.
Korruptsiya va byurokratiyaning yuqoriligi
O'zbekistonda ta'lim tizimida korruptsiya va byurokratiya holatlari uchrab turadi. Bu yoshlarning ta'lim olish va rivojlanishiga to'sqinlik qiladi. Shuning uchun, ko'plab yoshlar chet elga ketishni afzal ko'rishadi.
Ishsizlik muammosi
O'zbekistonda oliy ta'limni tamomlagan yoshlarning ko'pchiligi ish topishda qiynalishadi. Ish haqi pastligi va imkoniyatlar kamligi sababli, ko'plab yoshlar xorijda ishlashni afzal ko'rishadi.
O'zgarishlarga intilish
Yoshlar yangilikka intiladi, turli madaniyatlarni kashf etishga qiziqadi. Сhet elda ta'lim olish yoshlarga yangi dunyoni kashf qilish va o'z salohiyatini ro'yobga chiqarish uchun imkoniyat beradi.
O'zbekistonning eng iqtidorli va bilimli yoshlarining xorijga ketishi, mamlakatimiz uchun katta yo'qotishdir. Biz yoshlarimizni o'z yurtimizda qoldirishimiz va ularning salohiyatidan unumli foydalanishimiz kerak. Buning uchun ta'lim tizimini isloh qilish, korruptsiyaga qarshi kurashish, ish o'rinlari yaratish va yoshlarga o'z salohiyatini ro'yobga chiqarish imkoniyatini berishimiz lozim. Aks holda, biz Sarvar kabi ko'plab iqtidorli yoshlarni yo'qotishda davom etaveramiz. O'zbekiston kelajagi yoshlar qo'lida ekanligini unutmasligimiz kerak.
Mashhura JO'RAQULOVA
Ishonch.uz
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0