“Vatan” jurnali va “Millatparvar” kitobi taqdimoti o'tkazildi
Poytaxtimizda Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O'zbekiston Liberal-demokratik partiyasi (O'zLiDeP) siyosiy kengashi ijroiya qo'mitasi tomonidan “Birlashsak – Vatanmiz” mavzuida anjuman tashkil etildi.
Anjumanda O'zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi muassisligida yangi nashr etilgan “Vatan” ijtimoiy-siyosiy, ilmiy-ma'rifiy jurnali hamda davlat va jamoat arbobi, siyosatshunos Qudratilla Rafiqovning “Millatparvar” kitobi taqdimoti o'tkazildi.
“Vatan” jurnali keng jamoatchilik orasida yaxshi kutib olindi. Jurnal sahifalarida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tomonidan amalga oshirilayotgan yangilanish va islohotlar, Vatanimiz tarixi aks etgan tahliliy maqolalar, ziyolilar, siyosatshunos va yozuvchilar asarlari e'lon qilib boriladi.
Bugungi dunyo tobora tahlikali tus olmoqda. Kim do'st, kim dushmanligini aniqlash tobora qiyinlashib borayotgan davrda yashayapmiz. O'zini yaqin tutgan davlatlar ham xalqaro maydonda zimdan ish qilayotganini ko'rib turibmiz. Zamon har qachongidan ham mamlakatimiz va millatimizning kelajagi va tinchligini o'ylashga undamoqda.
Anjuman davomida so'z olganlar ham avvalo tinchligimizning o'zi katta ne'mat ekanligini, Vatanni sevish, uni asrash faqat til bilan emas amal bilan sobitqadamlik bilan amalga ko'chishi lozim deya ta'kidlashdi.
“Vatan”ning ilk sahifasi ozarbayjon shoiri Akif Bag'irning “O'zbek kelayotir...” nomli tantanavor she'ri bilan boshlanadi. Shuningdek, jurnalda O'zbekiston Qahramoni va O'zbekiston xalq shoirlari Abdulla Oripov hamda Erkin Vohidov she'rlarini, Abdurauf Fitratning “Yurt qayg'usi” sochmasi, til, millat, milliy ong tushunchalari keng yoritilgan professor Qozoqboy Yo'ldoshevning “Buzilmas qo'rg'on” maqolasini o'qish mumkin.
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0