O'zJOKU professorlari bir kunda 20 nafarga ko'paydi
O'zbek jurnalistikasini chetdan kuzatsangiz, bir jihat ko'zga tashlanadi. Amaliyotchilar o'zining ijodi, nazariyachilar ilmiy ishi bilan band. Nazariyachilar orasida ijod qiladigan, yozishni, ko'rsatuv tayyorlashni qotiradiganlari kam bo'lganidek, aksariyat amaliyotchilar ham o'zlari bilan ovora bo'lib, muayyan tajribalarni baham ko'rishga kelganda, oqsashadi.
O'zJOKU rektori Sherzodxon Qudratxo'ja aynan shu uzilishga qarshi.
Vaholanki, oliy o'quv yurtlarida “Ustoz-shogird”lik an'analari haqida ham maqtanish qiyin bugun. Jurnalistika yo'nalishidagi fakul'tetlar bundan 5-6 yil oldingiga nisbatan ikki-uch barobarga ko'paygan. Birgina, O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida 4 ming nafarga yaqin talaba tahsil olib, har yili ularning taxminan 500-600 nafari ijod maydoniga uchirma bo'lmoqda. Ularga amaliy maydon yetarlimi? Mana, jiddiy savol!
27 iyun' — Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni bayrami munosabati bilan O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzodxon Qudratxo'ja o'zining navbatdagi uzoqni ko'zlab ishlab chiqilgan ajoyib “loyiha”sini amalga oshirdi. Ya'ni, universitet ta'lim tizimini rivojlantirish, xalqaro miqyosdagi nufuzini oshirish, ilmiy hamkorlikni keng yo'lga qo'yish maqsadlarida bu borada ko'pdan buyon universitet bilan samarali hamkorlik qilib kelayotgan bir guruh fidoyi va jurnalistikada o'z maktabini yaratgan ustozlarga O'zJOKU “Faxriy professori” hamda “Faxriy dotsenti” unvonlari berildi.
Biz xorijdagi bunday tajribalarni eshitganmiz. O'zimizda... Mana, o'zimizda ham boshlandi. Ustozlarni vaqtida ardoqlash, e'zozlash, ularga hurmat namunasini ko'rsatish bo'lsa, ikkinchi tomondan, u amaliyotchilarni va nazariyachilarni bir g'oya, ya'ni bo'lajak jurnalist kadrlarni tayyorlashdek ezgu maqsad atrofida birlashishga, uyushqoqlikka va tashabbuskorlikka chorlaydi.
“Faxriy professor” unvoni berilganlar ichida “Xalq so'zi” va “Narodnoe slovo” gazetalari bosh muharriri O'tkir Rahmatov, O'zbekiston milliy axborot agentligi direktori Abdusaid Ko'chimov, “Zarafshon” va “Samarkandskiy vestnik” gazetalari birlashgan tahririyati bosh muharriri Farmon Toshev, “Farg'ona haqiqati“ gazetasining bosh muharriri Muhammadjon Obidov, “Ishonch” va“ Ishonch-Doverie” gazetalari bosh muharriri Husan Ermatov, siyosiy sharhlovchi Qobilbek Karimbekov, taniqli jurnalist Bobir Alixonov, “Sport” gazetasi bosh muharriri Mirzahakim To'xtamirzaev, faxriy telejurnalistlardan Nasiba Ibragimova, Muslimbek Yo'ldoshev, Ra'no Jo'raeva, Gulnora Mahkamova va yana qator xorij universitetlari hamda xalqaro tashkilotlarning ilg'or vakillarini ko'rish mumkin.
“Faxriy dotsent” unvoni bilan taqdirlanganlar safida esa tajribali jurnalist, “Teatr” jurnali bosh muharriri o'rinbosari O'ktam Mirzayorov, taniqli boshlovchi va suxandon Rixsitilla Umarov, “Xalq so'zi” gazetasining Samarqand viloyati bo'yicha katta muxbiri Habibullo Temirov, fotojurnalist Husniddin Atoev va yana boshqa mahoratli hamda tajribasi bilan sohada tanilgan insonlar bor.
Demak, kuni kecha universitet salohiyati 20 nafar “professor” va 8 nafar “dotsent” bilan boyidi. Bu Sherzodxon Qudratxo'janing o'zigagina xos bo'lgan noodatiy va original qadami. Ofarin! Endi “yangi”larning kuchi jurnalistika kelajagi yo'lida “birlashishi”ga umid bor!
Zebo Namozova,
Ishonch.uz
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0