Bahorning ajoyib tuhfasi qo'ziqorinlar haqida bilarmidingiz?
Qo'ziqorinni bahor va kuzning ajoyib tuhfasi desak adashmaymiz. Qo'ziqorinlar o'ziga xos ta'mi va ifori bilan boshqa mahsulotlardan ajralib turadi. Parhezshunoslar uni “o'rmon go'shti” ham deyishadi, chunki u haqiqatdan ham juda tez ochlik hissini yo'qotadi.
Qo'ziqorin kaloriyali mahsulot bo'lib, ozgina yesangiz, darrov to'yib qolasiz. Parhezshunoslar qo'ziqorinning bu jihatidan foydalanib, uni taomnomaga qo'shishadi.
Qo'ziqorin tarkibiga kiradigan asosiy foydali moddalar juda ko'p bo'lib, u aqliy faollik, xotirani yaxshilashga ijobiy ta'sir qiladi. Ateroskeloroz rivojlanishi oldini oladi.
Undagi vitaminlar asab tizimining me'yoriy ishlashiga yordam berib, soch, tirnoq, terini yaxshilaydi. Mikroelementlar mis, yod, ruh, fosfor, kaliy modda almashinuv jarayonini me'yorlashtirib, yurak-qon tomir kasalliklari bilan og'rish xavfini kamaytiradi, virusli infektsiyalarga to'sqinlik qiladi.
Qo'ziqorinlar qondagi yomon xolesterin miqdorini pasaytiradi. U shuningdek, qandli diabet bilan og'rigan kishilarga foydali. Сhunki unda yog' juda oz bo'lib, xolesterin yo'q. Bundan tashqari, oqsil, vitamin, mineral, suv va kletchatkalarga boydir. Yana ular tabiiy insulin va fermentlarga boy bo'lib, u kraxmalli taomni parchalashga yordam beradi. Yurak-qon tomir kasalliklari, ateroskleroz, ortiqcha vazn, qon bosimi oshishida ham uning foydaliligi tan olingan.
Qo'ziqorinlar past kaloriyali yegulik sanalib, ortiqcha vazndan qiynalayotgan odamlar uchun mukammal parhez turidir. Qo'ziqorinlarning iste'molga yaroqli turlaridan lisichka, podosinovki, opyata, oq qo'ziqorinlar, shampinyon, veshenka oshpazlikda keng qo'llaniladi.
Iste'mol paytida qo'ziqorin xom sabzavotlar bodring, karam, pomidor bilan kelisha olmaydi. Uni faqatgina pishgan sabzavotlar bilan birga yegan ma'qul.
Qo'ziqorinning zarari
Aksariyat qo'ziqorinlar juda zaharli bo'lib, u kishini o'limga olib kelishi mumkin va bu qo'ziqorinlar o'zining yesa bo'ladigan turdoshlariga juda o'xshab ketadi. Qo'ziqorindan zaharlanish mavsumiy bo'lib, asosan yilning bahor va kuz fasllarida kuzatiladi.
Taom tayyorlash jarayonida ularni yetarli darajada tozalamasdan iste'mol qilish turli noxushliklarga olib kelishi mumkin. Qo'ziqorindan zaxarlanishning yashirin davri zaharli qo'ziqorinning turi va tarkibidagi zaharli moddalar hamda iste'mol qilingan miqdoriga qarab bir necha daqiqadan bir necha soatgacha bo'lishi mumkin.
Ulardagi zaharli moddalar asosan oshqozon-ichak trakti, jigar, buyraklar, asab tizimini shikastlaydi. Qo'ziqorin iste'mol qilgan shaxslarda zaharlanish alomatlari kuzatilsa, tezda shifokorga murojaat etishi lozim.
Bunda organizmdan o'sha zaharli modda chiqarilib tashlanishi ko'zda tutiladi. Aks holda bu zaharlanish fojiaga olib kelishi mumkin. Shu bilan birga, qo'ziqorinda mavjud xitin moddasining ko'p miqdori inson organizmida deyarli hazm bo'lmaydi. Shuning uchun biz qo'ziqorinning ko'pini hazm qilolmaymiz. Bu yegulikni haddan ziyod ko'p yeyish surunkali pankreatit, oshqozon osti bezi yallig'lanishi va oshqozon-ichak tizmidagi boshqa ko'ngilsizliklarga olib kelishi mumkin. Aynan xitin tufayli qo'ziqorinda mavjud aksariyat foydali moddalar badanimizga singmaydi.
Qo'ziqorinlarni xarid qilayotganda yoki uni iste'mol qilishdan oldin ushbu mahsulot sifatini kafolatlovchi hujjati borligini aniqlash lozim. Bozor hududidan tashqarida va belgilanmagan joylarda sotiladigan, sifatini kafolatlovchi hujjatga ega bo'lmagan hamda yovvoyi holda o'sadigan qo'ziqorinlarni terib iste'mol qilish tavsiya etilmaydi.
Madina Po'lat qizi
Ishonch.uz
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0