COP 29 Sammiti: Ozarbayjon mintaqadagi diplomatik mamlakatga aylanmoqda
Mustaqillikning dastlabki yillarida turli buzg'unchilik ko'rinishlarga qarshi kurash olib borgan Ozarbayjon, uzoq yillardirki qo'shni Armanistonning og'ir tajovuziga qarshi chidadi. Bu orada o'z iqtisodiy va harbiy qudratini oshirib, Janubiy Kavkazning yetakchi, dunyoning esa nufuzli mamlakatiga aylandi.
O'z tuproqlarini ishg'oldan ozod qilgan mamlakatimiz bu kun mintaqada asosiy diplomatik o'yinchilardan biri. Tasodif emaski, bir qancha qo'shni davlatlar bilan birga, uzoq mintaqalardan bo'lgan davlatlar ham diplomatik siyosatda “Ozarbayjon modeli”ning to'g'ri va foydali ekanini ta'kidlamoqda. Bu model jahon kuchlari orasidagi ziddiyatlarda ishtirok etmaslik, milliy manfaatlar ta'minlangan holda tashqi siyosat yuritishni o'z ichiga qamrab oladi.
Qo'shilmaslik Harakatiga rahbarlik davrida Ozarbayjon turli mamlakatlar o'rtasida ko'prik vazifasini bajardi va munosabatlarning yuksalishiga o'zining alohida hissasini qo'shdi. G'arb va Sharq davlatlari bilan birga, qo'shni Rossiya va Eron munosabatlariga ham ta'sir ko'rsatishga qodir. Bu esa o'z navbatida mamlakat ichkarisidagi barqarorlikning asosiy kafolatidir. Prezident Ilhom Aliev tomonidan mantiqiy, pragmatik, izchil, oqilona va ko'p qirrali boshqaruv falsafasi Ozarbayjonni ham xalqaro tadbirlarning markaziga aylantirdi. Jahon miqyosidagi xalqaro tadbirlarning poytaxt Bokuda va boshqa shaharlarda muvaffaqiyatli o'tkazilayotgani buning yaqqol tasdig'idir.
Shu kunlarda Ozarbayjon yana bir muhim xalqaro tadbirga mezbonlik qilmoqda. Bu Ozarbayjon tarixida miqyosiga ko'ra eng muhim xalqaro tadbir deb ham nomlanishi mumkin. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Iqlim O'zgarishi bo'yicha Doiraviy Konventsiyasining 29-sammiti global iqlim o'zgarishiga qarshi kurashda alohida ahamiyatga molikdir. Bu konferentsiyada xalqaro miqyosda iqlim inqirozining oldini olish uchun yangi strategiyalar va tadbirlar rejalashtiradi, shuningdek mavjud kelishuvlarning ijrosi muzokara qilinadi. Ozarbayjonning bu tadbirda muhim rol o'ynashi kutilmoqda. O'lka so'nggi yillarda iqlim o'zgarishi bo'yicha olib borilgan global kurashga o'z hissasini qo'shishi bilan birga, ekologik loyihalari bilan ham e'tiborni tortmoqda.
Neft va gaz resurslariga boy bo'lgan davlat sifatida tanilsa ham, so'nggi davrlar Ozarbayjonda qayta tiklanadigan energiya manbalariga o'tish va ekologik barqarorlikni ta'minlash uchun muhim qadamlar tashlandi. Mamlakatning iqlim strategiyasi doirasida asosiy maqsadlardan biri uglerod gazini kamaytirish va 2030 yilgacha energiya ishlab chiqarishda qayta tiklanadigan energiya manbalarining ulushini oshirishdan iboratdir. Yashil energitika sohasiga investitsiya, shamol va quyosh energiyasi ishlab chiqarishga yo'naltirilgan investitsiyalar shu turga kiradi. Kaspiy dengizida shamol energiyasi potentsialidan foydalanish bilan bog'liq loyihalar energetika sektorida yangi sahifalar ochmoqda.
Parij iqlim kelishuviga qo'shilgan va kelgusidagi 6 yil mobaynida issiqxona gazlari emissiyasini kamaytirish maqsadlarini o'z oldiga qo'ygan Ozarbayjon bu borada bir qator infratuzilma loyihalarini amalga oshirmoqda.
Shuningdek, chiqindilarni boshqarish va suv manbalarining muhofaza qilinishi bilan bog'liq katta tadbirlar qilmoqda. Davlatning “Iqlim o'zgarishiga moslashish milliy strategiyasi” doirasida ekotizimlarning muhofaza qilinishi va o'rmon qoplamini kengaytirish, shuningdek, qishloq xo'jaligida iqlim o'zgarishiga moslashish siyosati ustuvor mavzulardan biri sanaladi. Navbatdagi bu COR sammiti yetakchi Janubiy Kavkaz o'lkasi uchun xalqaro maydonda ekologik siyosatini taqdim etish va iqlim o'zgarishiga qarshi kurashdagi muvaffaqiyatlarni namoyish etish uchun muhim va strategik bir platformadir.
O'zbekistonning Birlashgan Millatlar Tashkilotining Iqlim O'zgarishi bo'yicha konferentsiyasida faol ishtiroki va janob Prezident Shavkat Mirziyoevning sammitda shaxsan o'zi ishtirok etishi o'lkaning iqlim o'zgarishi va yashil energiyaga o'tishga qaratgan yuksak e'tiborini namoyon etadi. Bu O'zbekistonning ekologik masalalarga qaratayotgan ahamiyatining yana bir isbotidir.
Safar doirasida janob Shavkat Mirziyoevning Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliev bilan birga ishtirok etishi ikki o'lka orasida hamkorlikning mustahkamlanishi nuqtai nazaridan ahamiyat kasb etadi. Prezident Shavkat Mirziyoevning ochilish marosimdagi shaxsan ishtiroki O'zbekiston-Ozarbayjon munosabatlarining porloq kelajagidan ham xabar beradi. Bu tadbir ikki o'lka orasida strategik hamkorlikning kuchayishi va o'zaro loyihalarning amalga oshirilishida muhim qadam sifatida baholanadi.
Ozarbayjon mintaqaviy miqyosda iqlim o'zgarishiga qarshi kurashda yetakchi o'lkalardan biri sifatida harakat qilishga tayyorlanmoqda. Xususan, Kavkaz va O'rta Osiyo energiya almashinuvini qo'llab-quvvatlaydigan loyihalar Ozarbayjonni ekologik yetakchilik bo'yicha nomzod qiladi. Shuningdek, bu tadbir bilan Ozarbayjon qayta tiklanadigan energiya sohasida yangi xalqaro hamkorlik aloqalarini o'rnatishni maqsad qilib qo'ymoqda. Yevropa va Osiyo o'lkalari bilan energiya tranziti va ekologik loyihalar bo'yicha hamkorlik qilish bu yo'nalishda muhim rol o'ynaydi. Yashil diplomatiyaga o'tish, COR tadbirlari Ozarbayjon uchun faqat ekologik siyosat emas, geosiyosiy jihatdan ham muhim ahamiyatga molikdir. COR29 sammiti Ozarbayjonga yangi ekologik yondashuvlarni ilgari surish va iqlim o'zgarishiga qarshi kurashda faolroq pozitsiyani namoyish qilish uchun imkoniyatlar yaratadi.
Mikayil Mirzazoda
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0