+23C

+23C

  • O'z
  • Ўз
O'zbekiston
  • Siyosat
  • Sport
  • Jamiyat
  • Iqtisod
Xorij
  • Iqtisod
  • Siyosat
Intervyu
  • Madaniyat va ma'rifat
Kutubxona
  • Adabiyot
  • Ilmiy ishlar
  • Maqolalar
  • Kasaba faollari uchun qo’llanmalar
Boshqalar
  • Suratlar so‘zlaganda...
  • Kolumnistlar
  • Arxiv
  • O'zbekiston jurnalistlari
  • O'z
  • Ўз

Telefon raqamingizni kiritng

Tasdiqlash kodini SMS orqali yuboramiz

Kirish

Etti yoshida bemorni operatsiya qilgan “kichkina tabib”

Dunyo favqulodda iste'dodli bolalarga ko'p guvoh bo'lgan. Shulardan biri hind diyorida tug'ilib-o'sgan Akrit Jasvaldir. U ikki yoshida o'qishni o'rgangan, to'rt yoshida Shekspir asarlarini o'zlashtirgan, besh yoshida esa tibbiyotga jiddiy qiziqib qolgandi. Akrit Pran Jasval o'z vaqtida dunyodagi eng yosh shifokorga aylandi. Yetti yasharlik vaqtida Akrit o'zidan bir yosh katta qizga yordam berib, uni muvaffaqiyatli operatsiya qildi.
Kolumnistlar
768 10:44 | 28.10.2025 10:44

Akrit 1993 yilda Himachal-Pradesh shtatida, aniqrog'i Nurpurda, 10 000 aholisi bo'lgan qishloqqa o'xshash kichik shaharchada tug'ilgan. Bolaning ota-onasi o'g'li qobiliyat jihatdan tengdoshlaridan ancha oldinda ekanini payqashdi: u to'qqiz oyligidanoq yura boshladi, o'n oyligida gapira boshladi. Bir yoshga to'lganda, u uydagi barcha jarayonlarni tushuna boshlagan va muloqotga kirishishga ulgurgandi. Bir yildan keyin u xatlarga qiziqa boshladi. “Akrit o'qishni juda tez o'zlashtirdi. Alifboni o'rgangach, biz unga so'z birikmalarini o'rgatdik va u yozishni boshladi. U ikki yoshda edi!”, degandi bolaning onasi Raksha Kumari Jasval matbuot vakillariga.


Ikki yoshga kelib, bola allaqachon kattalar kabi o'qish va yozishni boshladi. To'rt yoshida u Shekspir ijodini boshidan oxirigacha o'zlashtirdi. Uning onasi ingliz tili o'qituvchisi bo'lib, bolaga katta o'quvchilariga mo'ljallangan kitoblarini berdi. “Bir kuni o'g'lim ingliz adabiyoti talabalari uchun mo'ljallangan she'rni o'qiyotganini eshitdim. Talabalar buni yodlay olmasdi, lekin Akrit eslay oladi, deydi Raksha.


Akrit besh yoshida o'yinchoqlar o'rniga matematika, kimyo, fizika, biologiya va anatomiya bo'yicha darsliklarga ega bo'ldi. Ayniqsa, biologiya va anatomiya darsliklariga qiziqardi. Bolakay olti yoshga to'lganda, ota-onasini tanigan shifokorlar unga ta'lim maqsadida shifoxonalarga borishga, ish joyidagi xodimlarni kuzatishga va voqealarni chuqur o'rganishga ruxsat berishdi. Barcha professional adabiyotlarni o'qigan va bir vaqtning o'zida mahalliy shifoxonalar haqiqatini tushungan bola vrachlarga ham, bemorlarga ham qattiq qiziqib qoldi.


G'ayrioddiy bolaning tibbiyotni yaxshi tushungani haqidagi gap butun mahallaga tarqaldi va odamlar undan yordam va maslahat so'rab, uy hayvonlarini, hatto bolalarini ham olib kela boshladilar. Akrit kambag'al jamiyatda yashagani va professional tibbiyotga qodir bo'lmaganlarga yordam bergani uchun uning oldiga keluvchilar ko'p edi.


Bir kuni juda kambag'al oila unga jiddiy yordam so'rab murojaat qildi. Sakkiz yoshli qizaloq go'daklik chog'ida chuqur kuygan, buning oqibatida barmoqlari deyarli butunlay birikib ketgandi. Ota-onasi uni davolashga puli yetmay, bemordan bir yosh kichik Yasvalga yordam so'rab murojaat qilishdi. Nihoyat, Nurpur shifoxonasida tajribali katta jarrohlar nazorati ostida 7 yoshli Akrit Yasval o'zining ilk bor barmoqlarini ajratish operatsiyasini amalga oshirdi. Bu muvaffaqiyatli o'tdi va bolaning ota-onasi barcha ishtirokchilarning roziligi bilan voqeani to'liq tasvirga olib, internetga joylashtirdilar.


Operatsiyadan keyin Akritning shon-shuhrati butun Hindiston va dunyoga tarqaldi. Keyinchalik matbuot yosh shifokordan shon-shuhrat unga ta'sir qilganmi va bolaligidan ayirganmi, deb bir necha bor so'radi. U bunday da'volarni qat'iyan rad etib, diqqat markazida bo'lishdan, odamlarga yordam berishdan va tinimsiz yangi narsalarni o'rganishdan xursand ekanligini ta'kidladi. “Meni ilm-fan juda qiziqtirdi, chunki u hayot haqidagi barcha savollarimga javob bera oldi: bu yerga qanday keldik, nima uchun keldik”, degandi Yasval jurnalistlarga.


8 yoshida Akrit ota-onasiga shifokor bo'lishni xohlayotganini aytdi, chunki u saraton kasalligini davolash bo'yicha bosh qotirayotgandi. Uning otasi Kulvant Singx Jasval Hindistondagi turli tibbiyot muassasalariga hujjat topshira boshlagan, biroq hech kim bunday yosh talabani qabul qilishni istamagan, ayrimlar esa uning onkologiyaga ixtisoslashish rejalariga shubha bilan qarashgan.


Jasval sakkiz yoshga to'lganida, ota oilani tark etdi va bola onasi qo'lida qoldi. Bola 11 yoshida maktab imtihonlarini topshirdi va 12 yoshida Panjob universitetiga qabul qilindi. O'sha yili u London Imperial kollejiga taklif qilindi, u yerda uning IQ darajasi sinovdan o'tkazildi, qiziqqan sohalari bo'yicha darslarga borishga ruxsat berildi va onkologiya bo'yicha tibbiy intilishlari haqida so'rov o'tkazildi.


“Mening usulim saraton hujayralari rivojlanishiga hissa qo'shadigan g'ayritabiiy genlarni o'zgartirishni va keyin ularni fermentlarni faollashtirish yoki genotoksik dorilar bilan to'g'ridan-to'g'ri modifikatsiya qilish orqali muvaffaqiyatli tiklashni o'z ichiga oladi”, dedi Akrit.


Genetik kodni o'zgartirish g'oyasi nazariy jihatdan istiqbolli bo'lib tuyuldi, ammo amalda, Nurpurdagi kasalxonalar uchun, ishlab chiqish va sinov xarajatlari, axloqiy muammolar va bunday loyihalarni amalga oshirish muddati hisobga olinsa, bu utopiyaga yaqin edi. Bundan tashqari, Akritning g'oyalariga o'xshash tadqiqotlar o'sha paytda Yevropa va AQShda allaqachon olib borilgan, ya'ni u qaysidir ma'noda “g'ildirakni qayta ixtiro qilgan”.


13 yoshida kichik daho Opra Uinfri shousiga taklif qilindi, amerikalik teleyulduz undan yutuqlari va rejalari haqida batafsil so'radi, uni “kichkina daho” deb atadi. Shundan so'ng bolaning muxlislari bilan bir qatorda tanqidchilari ham ko'payib ketdi. Internet asrida har kim ochiqchasiga gapirishi mumkin va Akrit shoudagi nutqi haqida nomaqbul izohlarni o'qidi. Ammo yosh vunderkind bu fikrlardan xafa emasligini bildirgan. Uyga qaytgach, yigit tibbiy sohadagi o'qishni davom ettirishni rejalashtirgan, biroq Hindistonda to'rt yillik stajirovkaning ekvivalenti bo'lgan MBBC dasturiga qabul qilinmagach, u fikridan qaytgan. “Hindiston Tibbiyot kengashi menga juda yoshligim uchun hali shifokor bo'la olmasligimni aytdi. Ular menga qo'pol munosabatda bo'lishdi. Men xonadan chiqqach, shifokor bo'lish haqidagi fikrimni o'zgartirgandim”, dedi Akrit o'z interv'yusida.


23 yoshida Akrit Kanpur shahridagi Hindiston texnologiya institutida bioinjeneriya bo'yicha magistrlik darajasini oldi. Akrit Jasval hozir 32 yoshda, Phd darajasi va bir qancha farmatsevtika patentlariga ega. U bioinjeneriya, farmakologiya va tibbiyotning turli sohalarini o'rganadi, bir kun kelib saraton kasalligini davolashni orzu qiladi. Ammo tan olish kerakki, tanqidchilar haq edi: inson tanasi murakkab tizim bo'lib, Jasvalning bolalikdagi g'oyalari nafaqat takomillashtirish, balki ko'p yillik tajriba va izlanishlarni ham talab qiladi. “6 yoshimdan beri kasalxonalarda og'riqdan azob chekayotgan son-sanoqsiz odamlarni ko'rdim. Bu mening tibbiyotga bo'lgan ishtiyoqim va saraton kasalligini davolashga qiziqishimning asosiy sababi”, - deydi doktor Yasval.


Insoniyat mo''jizalarga ishonadi. Tibbiyot kelajagi deb hisoblangan Akrit Jasval ma'lum muddat mo''jiza va umid vazifasini bajardi. Hindistonlik vunderkind kriket tomosha qilishni yoqtiradi va o'qituvchilik bilan ham shug'ullanadi. Uning bitta ilmiy orzusi bor: bir kun kelib dinozavrni klonlash va uni parvarishlash.


Abror Zohidov


Izoh qoldirish
Jo‘natish
Maqolaga baho bering
0/5

0

0

0

0

0

Maqolaga baho bering
0/5

0

0

0

0

0

Mavzuga oid

Kolumnistlar
Kolumnistlar
Kolumnistlar
Turkistonlik legionerlar qismati
0 2569 13:27 | 02.10.2023
Kolumnistlar
Kolumnistlar
Kolumnistlar
Kolumnistlar
Fevral' oyi nega buncha qisqa?
0 2552 14:07 | 10.02.2024
Kolumnistlar