Navoiyning surxondaryolik nevarasi
Bu xalq o'zining ma'naviy xazinalarini qanday qilib, asrab kelmoqda? Qanday qilib, butun dunyo boyligiga ham sotib olib bo'lmaydigan javharlarini saqlay olyapti?
Ma'naviy bisotini “asrlardan opichlab” (Abdulla Oripov iborasi), qo'ynidan to'kilsa, qo'njida asrab o'tish uchun bu elning ne-ne fidoyi farzandlari matonat ko'rsatmagan deysiz?
Qarshi bobo Ahmedov ismli otaxon haqida Qumqo'rg'onda eshitib qoldim. Fevral' oyi edi. Surxonda bodomlar gullay boshlagan, iliq choyday bir kun edi. Qariyb bir asr umr ko'rgan momomizni so'nggi yo'lga kuzatib, janoza marosimidan keyin, bir piyola choy ustida yig'ilganimizda Qarshi bobo haqida shu yerlik Normo'min aka degan kishi aytib berdilar.
Gap shundaki, 1924 yilda tug'ilib, 1991 yilda vafot etgan Qarshi bobo har yili 9 fevral' kuni uyida qo'y so'yib, mulloga xatm buyurtirib, qo'ni-qo'shnini yig'ib, hazrat Navoiyning nomiga xudoyi – is qilar ekan. O'zi asl kasbi yuk mashina haydovchisi bo'lgan bu odam duradgorlik bilan ham shug'ullangan. U kishi Navoiy, So'fi Olloyor, Mashrabdan g'azallar o'qib yurar, shu zotlarga katta ehtirom bilan yashar ekan. Jumladan, hali aytganimizdek, har yili hazratni xotirlab, uyida kichik bir tadbir qilishni kanda qilmas ekan.
Bu odam haqida eshitgan pallamda xayolimga Navoiyning ushbu misralari keldi:
Urug' yerga tushib chechak bo'ldi,
Qurt jondin kechib ipak bo'ldi.
Lola tuxmicha g'ayrating yo'qmi?
Pilla qurtichalik himmating yo'qmi?
Qarshi boboni ko'rolmaganim, u kishining ikki og'iz suhbatini ololmaganimga afsuslandim. Ammo nachora... vaqt ortiga qaytmaydi.
Yoshligi, yigitligi urush yillariiga to'g'ri kelgan Qarshi Ahmedov hayotning hamma qiyinchiliklarini ko'rib ulg'aydi. Ustaga shogird tushib duradgorlikni o'rgandi, shu ishni kasb qildi. Keyinchalik texnikumda o'qib, haydovchilik kasbini tanladi. Shu-shu el ichida Qarshi shopir bo'lib tanildi. Ammo bolalikdan qiziqqan sohasi – adabiyotga mehri bo'lakcha edi. Shu bois Navoiyga boshqacha muxlis bo'ldi. Hazratning asarlarini yaxshi ko'rib o'qib yurdi...
Mustaqillik arafasida xalqimiz qanday turmush kechirganini yoshi kattalar yaxshi eslaydilar. Gdlyan va Ivanovning xalqimiz boshiga solgan jabru zulmini ko'ksimiz simillamay eslolmaymiz. Ana shunday murakkab bir zamonlarda ham Qarshi bobo o'z an'anasiga sodiq qolgan.
Endi ro'zg'orchilik, ba'zan to'qchilik bo'lsa, ba'zan yo'qchilik bo'lib turadi. Har yili qo'y so'yishga besh farzand – jo'ja birday jonni boqib kelayotgan oddiy haydovchining ham qurbi kelmay qolar ekan. Shunday yillarda Qarshi bobo bittagina xo'roz so'yib bo'lsa ham, Navoiyni yodlashni sira malollanmay ado qilar ekan. Shunda tengqur jo'ralaridan biri u kishiga e'tiroz bildiribdi:
– Qarshiboy, jo'ra, Navoiyni eslaganing yaxshi ish, lekin shuning o'rniga ota-bobolaringni eslab xudoyi qilsang bo'lmaydimi?
Jo'rasining bu gapiga Qarshi bobo shunday javob qilibdi:
– Ey, oshna, mening ota-enamning mendan boshqa ham farzandlari, navaralari bor. Shular ota-enamga xudoyi qilaversin... Lekin Navoiy boboning kimi bor? Yolg'onchi dunyoda uylanmay, tirnoq ko'rmay o'tgan bu vali kishini ham birov eslash kerak-ku?
Shu bilan e'tiroz qilgan jo'rasi jim bo'libdi.
Ana shu Qarshi boboning farzandlarini izlab-idarlab tag'in Surxondaryoga qo'ng'iroq qildim. Tursunpo'lat ismli o'g'lining raqamini topib gaplashdim. O'g'lining suhbati meni yanayam hayron qildi:
– Endi, shoir uka, boboni gazetaga yozib yotmang. U kishi chin dunyoga ketgan. Navoiyga hurmat ko'rsatgan bo'lsa, Xudo yo'lida qilgan bu ishlarni...
Ammo men ham bo'sh kelmadim:
– Aka, shunday deysiz-da... Bu narsani shuning uchun ham elga bildirish kerakki, minnat emas, ibrat uchun! Shunday bo'lgach, mening qo'limni ushlamang, jon aka! Yaxshi bir esdalik bo'ladi. Navoiyning o'zlari yozib ketgan-ku “Saxovat barchaga bermakdir”, deb. Bugun xalqimiz boyidi, anchagina to'q bo'ldi. Hayot, yashash chinakamiga osonlashdi. Ko'p uylarimizda qo'sha-qo'sha mashinalar ham bor. Ming-ming dollar pul sarflab to'ylar qilayapmiz. Lekin himmat ozaydi. Xonisanillo xizmat qilish kamaygani bor gap. Jadid bobolar to'y-ma'rakalardagi isrofgarchilikni tanqid qilib, kuyib o'tib ketishdi. Xalqni ma'rifatli qilishni qayg'urishdi doim. Sizning otangiz oddiy duradgorlik bilan shug'ullangan, oddiy haydovchi kishi bo'lsa ham ko'nglida ma'rifati butun bo'lgan inson ekan-da...
Shu bilan gurungimiz nihoyasiga yetdi.
Men esa shu xotirani sizlarga ilingim keldi. Toki Qarshi bobodek ma'rifatli eldoshlarimiz ko'paysin!
Shodmonqul SALOM
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0