Tarixning sirli sahifalari: Kustoning ikkinchi kasbi
Bugungi kungacha frantsiyalik mashhur okeanograf Jak Iv Kustoning Amerika razvedkasiga ishlagani to'g'risidagi savol ko'pchilikni qiziqtirib keladi. Yugoslaviya Federativ Sotsialistik Respublikasi (YuFSR) ham bu jumboq javobini topishga ancha uringan.
Yugoslaviyalik sobiq aksilrazvedkachisi Dragomir Iovanovich o'z memuarida bu haqda yozgan.
1974 yilda “Kalipso – 1” tadqiqot kemasi Andriatika sohiliga yaqinlashadi. Tegishli ruxsat olmasdan akvalangchilar dengiz ostida ish boshlab yuboradilar. Manzilga yetib kelgan sohil qo'riqchi kateri va chegarachilar noqonuniy ishni darhol to'xtatish buyrug'ini berishadi. Kusto ulardan norozi bo'lib, orqaga qaytishga majbur bo'ladi.
Bir muddat o'tib, u Yugoslaviya hokimiyatiga rasmiy murojaat bilan chiqadi hamda Vis, Mlet va Lastovo orollari atrofida tadqiqot ishlari olib borishga izn so'raydi. Aynan o'sha vaqtda va o'sha joyda YuFSRning Harbiy-dengiz floti kemalari joylashib olib, “faoliyat” yuritayotgandi.
Kustoning mahalliy hokimiyatdan yana bir talabi hammasidan o'tib tushadi. U “Kalipso” to'xtagan 30 kilometrlik radiusda harakatlanayotgan barcha dengiz transporti vositalari to'g'risida ma'lumot so'raydi. Aksilterrorchilar frantsuz okeanografining g'aroyib qiziqishlaridan hayratlanib, davlat rahbariyatiga bu haqda xabar berishga majbur bo'ladilar. Shundan keyin Kusto Yugoslaviya suvlari yaqiniga yo'lamaslik talabi bilan hududdan badarg'a qilinadi...
Harbiy dengiz maktabi bitiruvchisining suvostini o'rganish ehtirosi 30-yillarda boshlangan. Ikkinchi jahon urushi davrida suvosti qo'poruvchilari otryadiga rahbarlik qilgan. U shaxsan Italiyaning Palermo portida amalga oshirilgan terror amaliyotiga bosh-qosh bo'lgan.
Urushdan keyin ham Kustoning tadqiqotlar o'tkazishga qiziqishi so'nmaydi, ammo bu ishlarni amalga oshirish uchun yetarli mablag'i yo'q edi. Ivanovichning ta'kidlashicha, unga AQSh Harbiy dengiz flotidagi tanish razvedkachilar yordamga kelishadi. Ko'p o'tmay zamonasining oldi bo'lgan maxsus “Kalipso-1” kemasi yaratiladi. Shuning barobarida Kustoning Shveytsariyadagi bank hisobraqamiga avvaliga 100, keyin esa 50 million dollar tushirib beriladi.
Okeanografning AQSh yoki NATOning boshqa mamlakati razvedkasiga ishlagani to'g'risidagi ma'lumot hamon sir bo'lib qolmoqda. Biroq, guvohlarning tasdiqlashicha, Kustoning kemasida doim nihoyatda ko'plab turli-tuman murakkab uskunalar joylashgan, bundan faqatgina tor doira odamlarining xabari bo'lgan.
Kustoning bunday hamkorlikka borgani taxmin qilinsa, u yon-atrofidagi suvosti kemalarining harakatlanishi, texnik xususiyatlaridan xabardor bo'lganini anglash mumkin. Bundan tashqari, dengiz chuqurligida yadro chiqindilari ko'milgan joylar hamda yerosti boyliklari qidiruvi bilan ham shug'ullanganini faraz qilish mumkin.
Darvoqe, Kusto Bering bo'g'ozini AQSh manfaatlariga xizmat qildirishga ko'mak beradi. 1986 yil kuzida “Kalipso – 2” kemasi bu makonga yaqinlashib, ekipaj suv ostida tadqiqot ishlarini boshlab yuboradi. Bo'g'ozning mana shu tor yo'lagidan AQShning suvosti atom kemalari erkin harakatlanishi Moskvaning g'ashiga tegayotgan edi. Davlat xavfsizlik xizmati zudlik bilan bo'g'ozni yopish rejasini ishlab chiqadi.
Mazkur voqeadan biroz o'tib, matbuotda frantsuz geologlarining strategik tabiiy xomashyo kashf qilgani haqidagi xabar tarqaladi. Amerikaliklar Kusto topgan bu boylik xaritasi evaziga bo'g'ozni yopmaslikni so'raydilar. Ushbu murojaatga kechiktirmasdan ijobiy javob olinadi...
Kuba mojarosi bilan bog'liq qiziq hikoya bor. 1959 yilgi inqilobdan keyin Amerika maxsus xizmatlari Fidel Kastroni o'ldirishga qasd qiladilar. Rejaga ko'ra, suv ostidan davlat rahbarining sohil bo'yidagi villasiga yetib borish mo'ljallanadi. Kusto uzoq o'ylab o'tirmay, bu topshiriqni bajarishdan bosh tortadi, ammo bu amaliyotda o'z maslahatlari bilan qatnashishga rozilik beradi.
Vaqt o'tib, Kustoning o'g'li Filipp vertolyot favqulodda halokatga uchrashi tufayli vafot etadi. Tahlilchilar bu voqeani Kuba yetakchisini qatl etish rejasining barbod bo'lishi bilan bog'lashadi...
Abror XON
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0