Gitler: o'rta maktabni eplolmagan o'quvchi, omadsiz rassom va vegetarian
XX asrning eng taniqli va zolim shaxslaridan biri bo'lgan Adolf Gitlerning dunyoga kelganiga 135 yil to'ldi. 1889 yil 20 aprelda Avstro-Vengriya imperiyasida dunyoga kelgan mitti chaqaloqning dunyo jamiyati boshiga qanchalar musibat keltirishi albatta hech kimning xayoliga kelmagan.
Mana, fashistlar dohiysining vafotiga 79 yil bo'layotgan bo'lsada, uning hayoti, qilmishlari va o'limi xususidagi ma'lumotlar bo'yicha bahslar tinmaydi. Gitler 1945 yil o'lmay, tirik qolgani, Argentinaga qochib ketgani, kelib chiqishi yahudiy bo'lgani, yahudiy qizni sevgani, rassomchilikda omadsizlikka uchrab, alamzada siyosatchi bo'lib yetishgani haqida gap-so'zlar hali-hanuz aylanib yuradi.
Quyida Gitler haqida mashhur bo'lgan ayrim farazlarga aniqlik kiritishga harakat qilib ko'ramiz.
Gitler o'rta maktabda to'liq o'qimagan. 1899 yildan 1905 yilgacha Gitlerlar oilasi Avstriyaning Lints shahri chekkasidagi Leondingdagi o'z uyida yashagan. Adolf dastlab davlat maktabiga borgan va yaxshi o'qigan. 11 yoshida u o'rta maktabga o'qishga kirdi, lekin u yerdagi ta'limi maqtangudek bo'lmadi. Faqat o'ziga qiziq bo'lgan fanlardangina yaxshi baholar oldi. U uzoq va tartibli o'qish va ishlashga qodir emasdi va kun bo'yi hech narsa qilolmasdi. O'rta maktabning birinchi yilidan keyin bola ikkinchi yilga qoldi. U maktabni keraksiz majburiyat sifatida qabul qildi va otasining o'limidan keyin umuman o'qishni to'xtatdi. Onasi maktabni eplolmagan 14 yoshli Gitlerni qattiqroq tartiblarga ega maktab-internatga o'tkazishga harakat qildi, ammo bu hech narsani o'zgartirmadi: bo'lajak diktator faqat rassomchilik va jismoniy tarbiya bo'yicha yaxshi baholarga ega edi, qolgan barcha fanlardan esa qoniqarsiz o'qirdi. Keyinchalik Gitler bir necha bor Germaniyadagi an'anaviy ta'lim tizimiga o'z nafratini bildirdi, maktablarni “bolalar ongini keraksiz ma'lumotlar bilan to'ldirishda, ularga hayot uchun to'g'ri ko'rsatmalar bermaslikda” aybladi.
Gitler rassom bo'lishi mumkin edi
Gitler rassom bo'lishni orzu qilardi, ammo bunga erisha olmadi. Shu sababli diktator bo'ldi, degan faraz unchalik to'g'ri deb bo'lmaydi. Gitler maktab-internatni tugatgandan so'ng, ikki yil davomida amalda hech narsa qilmadi va Badiiy akademiyaga kirish uchun Vena shahriga bordi. U akademiyaga kirishga ikki marta urindi. Birinchi marta, katta raqobatga qaramay, u saralash bosqichidan o'tishga muvaffaq bo'ldi, ammo keyingi safar u muvaffaqiyatsizlikka uchradi: uning rasmlari “juda kam” edi — u odamlarni chizishni yoqtirmasdi. Ikkinchi marta u saralash bosqichidayoq muvaffaqiyatsizlikka uchradi. 1913 yilda ko'p millatli Avstriya-Vengriya armiyasida xizmat qilmaslik uchun Gitler Myunxenga ko'chib o'tdi va Birinchi Jahon urushi boshlanganidan so'ng darhol Germaniya armiyasiga ko'ngilli bo'lib qo'shildi. U Germaniyani o'zining haqiqiy vatani deb bildi, uning g'alabasi uchun harakat qildi. Mana shu davrdayoq uning qalbida millatchilik yaproq yozib bo'lgandi. 1918 yil noyabr' oyida yarador bo'lib, kasalxonaga yotqizildi va u yerda Germaniya imzolagan sharmandali sulh haqidagi yangiliklarni bilib oldi. Shu paytdan boshlab u Germaniyani saqlab qolish va uni buyuklikka qaytarish uchun siyosatchi bo'lish g'oyasiga berilib ketdi. Bir so'z bilan aytganda, zamon va muhit ham unga ta'sir qildi, alamzadalik va omadsizlik uning shuurida keskin g'oyalarni vujudga keltirdi.
Gitler yahudiy bo'lganmi?
Bu gap-so'zlar isbotlanmagan. Mazkur fikr Gitlerning otasi Alois Shiklgruber-Gitlerning noaniq nasabi bilan bog'liq. Gitlerning buvisi yahudiylar uyida xizmatchi bo'lgani haqida ham ma'lumotlar mavjud. Fyurerning yaqin hamkori Hans Frankning aytishicha, 1930 yilda Gitler unga Aloisning kelib chiqishini tekshirishni buyurgan - ammo Frankda hech qanday dalil yo'q edi. 1971 yilda nashr etilgan kitobda tarixchi Verner Mazer fyurerning nasl-nasabini hujjatlar orqali aniqlashga harakat qilgan. Mazer izlanishlar asnosida Gitlerning otasi ulg'aygan qishloqda hech qanday yahudiylar yashamaganinini aniqlashga muvaffaq bo'ldi.
Gitlerning buvisi Mariya Annaning o'zi avstriyalik dehqon oilasidan chiqqan.
U go'sht yemaslikka majbur edi
Gitlerning vegetarian bo'lganini uning qabulida bo'lgan ba'zi vatandoshlari qayd etishgan. Darhaqiqat, Gitler tibbiy sabablarga ko'ra parhez saqlashga majbur bo'lgan. Mehmonlarga har doim baliq va go'sht taklif qilingan. Fyurer “Eyntopf yakshanbalari” an'anasini kiritgani ham ma'lum. Unda har oyning bir yakshanbasida go'shtli taomlar o'rniga butun Germaniya bo'ylab uy bekalari va hatto qimmatbaho restoranlardagi oshpazlar sabzavotli ovqat tayyorlardilar va tejalgan pul kambag'al “oliy irq vakillari”ga yuborilardi. Shunday qilib, Gitlerni mafkuraviy sabablarga ko'ra vegetarian deb aytish mumkin emas, aksincha, u o'z sog'lig'i tufayli go'sht yemaslikka majbur edi.
Gitlerga 40 dan oshiq suiqasdlar qilinganmi?
Bu ma'lumot ham tasdiqlanmagan. Gestaponing urushdan keyin oshkor qilingan tergov hujjatlariga ko'ra, bunday urinishlar ancha kam bo'lgan. Suiqasd urinishlarining eng mashhuri 1944 yil 20 iyuldagi “Valkiriya” operatsiyasidir. Shu kuni polkovnik Klaus fon Shtauffenberg va uning ad'yutanti Gitler bilan uchrashuvga bomba solingan portfel olib kelishgandi. Ammo suiqasd muvaffaqiyatsiz yakunlandi, bir nechta ofitserlar halok bo'ldi, Gitlerning o'zi ham kichik jarohat oldi.
Bu fyurerni yo'q qilishni va Germaniyani urushdagi mag'lubiyatdan qutqarishni istagan vermaxt ofitserlarining fitnasi edi. Fyurerning o'limidan so'ng, tashabbuskorlar hokimiyatni qo'lga kiritishni va sulh taklifi bilan darhol G'arb kuchlariga murojaat qiladigan vaqtinchalik hukumatni tuzishni rejalashtirdilar. Bu urinish yagona emas edi, ammo suiqasdlar aniq soni noma'lum.
Gitler 1945 yil o'lmagan va chet elga qochib ketganmi?
Tarixiy faktlarga ko'ra, bu fikr noto'g'ri. O'z joniga qasd qilishdan oldin Gitler o'zining va xotini Yeva Braunning jasadini yo'q qilishni buyurdi. SS xavfsizlik boshlig'i Xans Rattenxuber va Gitlerning shaxsiy ad'yutanti Otto Gyunshening ko'rsatmalariga ko'ra, jasadlarga benzin sepilgan va o't qo'yilgan, ammo butunlay yondirilmagan. 1945 yil 2 mayda sovet askarlari Gitler bunkeriga kirishdi. Topilgan qoldiqlar sud-tibbiyot ekspertizasiga yuborilgan, ular orasida “ehtimoliy jihatdan Gitlerning jasadi” borligini ko'rsatdi.
Gitlerning jag' tishlari va boshqa qoldiqlar Davlat arxivining maxfiy omborlariga joylashtirilgan. Potsdam konferentsiyasida Stalindan Gitlerning jasadi haqiqatan ham topilganmi yoki yo'qmi deb so'rashganda, u qoldiqlar SSSRga olib ketilganligini tan olishni istamay, mujmal javob bergan va shu bilan fyurer tirik degan farazlarni keltirib chiqardi. Ushbu versiya aql bovar qilmaydigan mish-mishlar bilan qanot yozdi: unga ko'ra fyurer qochib ketgan, samolyotda uchib ketgan, hatto suv osti kemasida suzib ketgani haqida gap-so'zlar chiqdi. Janubiy Amerikadagi uzoq ranchoda o'z rafiqasi bilan uzoq hayot kechirgani haqida farazlar yangradi.
Ammo bularning barchasi aslida afsonadir: nufuzli tarixchilar Gitler haqiqatan ham 1945 yil 30 aprelda o'z joniga qasd qilgan deb hisoblashadi va bu tarixiy fakt o'laroq qabul qilingan. Albatta, bu talqin boshqalariga qaraganda ancha ishonchli. Сhunki, ellik million kishining yostig'ini quritgan shaxs bir chekkada tinch umr kechirsa, uni payqamaslik mumkin emasdi. Gitler qanchalar zolim va qonxo'r bo'lmasin, misli ko'rilmagan mashhurlik uning yashirinib yurishiga imkon bermasdi.
Abror Zohidov
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0