Xorijda o'qishning afzallik va qiyinchiliklari
Keyingi yillarda O'zbekiston yoshlari chet ellarda ta'lim olayotgan talabalar soni bo'yicha dunyodagi «TOP-5» likka kiruvchi mamlakatlardan biriga aylandi. Bunda Prezidentimiz 2018 yil 25 sentyabrda imzolagan farmonga binoan tashkil etilgan Mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish bo'yicha «El-yurt umidi» jamg'armasining ham xizmatlari katta bo'lmoqda.
U xalqaro miqyosda Vatanimizning ijobiy imijini shakllantirish, dunyoning yetakchi universitetlariga qabul qilingan iqtidorli yigit-qizlarning o'qishi davomidagi barcha xarajatlarini moliyalashtirish borasida ham qator ishlarni amalga oshirmoqda. Natijada yoshlarimiz o'z iste'dodlari va intilishlari bilan muvaffaqiyat qozonmoqdalar. Biz ulardan biri – «El-yurt umidi» stipendianti, mashhur Stony Brook universiteti talabasi Laziza Abduholiqova bilan suhbatlashdik.
– Laziza, bu yutuqlarga qanday erishdingiz?
– 3-sinfda o'qiyotgan kezlarim dadamning ish joyi o'zgargani sababli Jizzaxdan Toshkentga ko'chib keldik. Ko'p o'tmay yangi uyimiz yonidagi maktabga o'qishga bora boshladim. U asosan frantsuz tiliga ixtisoslashtirilgan ekan. Shuning uchun bu tilni chuqur o'rganishga kirishdim. Ayniqsa, Frantsiyada o'qib kelgan o'qituvchimning o'sha mamlakat haqidagi hikoyalarini eshitib, hali maktabni bitirmasimdanoq dilimda chet ellarda o'qish orzusi nish urgandi. Bundan tashqari, kichkinaligimdan har xil tanlovlarda qatnashishga, boshlovchilik qilishga, hatto ularni tashkillashtirishga va chet tillarini o'rganishga ishtiyoqim baland edi. Shu bois maktabimizda bo'ladigan birorta ham tadbir yoki tanlovni e'tibordan chetda qoldirmadim. Qolaversa, ingliz va rus tillarini puxta o'rganib, fan olimpiadalarida qatnashdim va faxrli o'rinlarni egalladim. Bularning barchasi xorij universitetiga o'qishga qabul qilinishimda juda qo'l keldi.
– Nima uchun o'qish uchun aynan AQSh universitetini tanlagansiz? Bu qaroringizga ota-onangiz qarshilik qilishmaganmi?
– Boya eslatganimdek, menda chet elda o'qish istagi bolaligimdayoq paydo bo'lgan. Bu haqda ota-onamga aytganman. Ular ahdimni unchalik jiddiy qabul qilishmagan. Lekin vaqt o'tib, qarorim qat'iyligiga ishonch hosil qilishgach, rozi bo'lishdi. Shundan so'ng qaerda o'qish haqida rosa bosh qotirdim. Buni qarangki, koronavirus balosi avj olgan pallada Yutubda bitta interv'yu namoyish etildi. Unda rossiyalik bloger AQShning Stenford universitetida ishlaydigan va o'qiydigan hamyurtlari bilan suhbatlashdi. O'sha ko'rsatuvni tomosha qilgach, men ham shu mamlakat universitetlaridan birida o'qiyman, degan to'xtamga keldim.
– Shu o'rinda AQShda o'qish va universitet faoliyati haqida ham birrov to'xtalib o'tsangiz.
– AQShda nafaqat har bir shtat yoki shahar, balki har bir universitet o'z tartib-qoidalari, urf-odatlari va noodatiy ko'rinishga ega. Men tahsil olayotgan universitet N'yu-York markazidan ikki soat yo'l yuriladigan uzoqlikdagi o'ta sokin, kichik shaharchada barpo etilgan. Uning binolari joylashgan hudud shahardan ajratilgan. Binobarin, uni o'ziga xos Talabalar shaharchasi deyish mumkin.
Odatda, AQShdagi universitetlar «Party school» va «Not party school» degan toifalarga ajratiladi. Bizning universitetimiz «Not party school» deb ataladi. Сhunki u bor diqqat-e'tibor intizomga va o'qishga qaratilgan eng obro'li universitetlardan sanaladi. Unda qiziqarli tadbirlar va ko'ngilochar bayramlar deyarli o'tkazilmaydi, shanba va yakshanba kunlari binolari bo'sh bo'ladi.
Men o'zim o'qiyotgan muhandislik yo'nalishidan va tajribamdan kelib chiqib ayta olamanki, bu yerda STEAM fanlar judayam qiyin. Shu bois universitetdagi barcha kutubxonalar doimo talabalar bilan gavjum.
– «El-yurt umidi» jamg'armasi haqida ilk bor qachon eshitgansiz va uning stipendiantligiga sazovor bo'lishda qanday qiyinchiliklarga duch kelgansiz?
– Dunyoning nufuzli universitetlariga imtihon topshirayotganimda ulardan 100 foizlik grant yutishimga ishongandim, afsus, niyatimga erisha olmadim. Shunga qaramay, ota-onamni moddiy jihatdan qiynamasdan xorijda o'qish haqida ko'p o'ylardim. Universitetlarga hujjat topshirishda menga ko'maklashgan tanishim kunlarning birida «El-yurt umidi» jamg'armasi borligini eslatdi. Oradan kun o'tmay, ushbu jamg'armaning telegram kanalida o'tkazilgan onlayn vebinarda qatnashdim. Unda muqaddam jamg'arma stipendiantligini qo'lga kiritgan bir bolaning unga hujjat topshirish va xorijda o'qish bilan bog'liq taassurotlarini eshitib, men ham aynan shu fondga hujjat topshirdim. Imtihonlar chog'i unchalik qiynalmadim, chunki ularning har biriga astoydil hozirlik ko'rgandim.
– AQSh ta'lim tizimi haqida qanday fikrdasiz?
– Bu mamlakatdagi barcha universitetlarda baholar «5» lik tizimda emas, balki harflar bilan belgilanadi. Sinf ishi, uyga vazifa, oraliq va nazorat ishlariga alohida baho qo'yilmaydi, balki yakuniy baho uchun ballar to'planadi. Har bir o'qituvchining o'z baholash tartib-qoidasi va usuli bor. Ba'zi professorlar semestr bahosini faqat uy ishi va imtihonlarda to'plangan ballarga qarab chiqarishadi, ayrimlari bu jarayonda talabaning davomati va darslardagi faolligini, boshqalari esa jamoaviy ishlarda qatnashganini ham inobatga olishadi.
AQSh universitetlarida doimo «extra point» (qo'shimcha ball) uchun imkon beriladi. Agar semestr oxirida talabaga bir necha ball yetmayotgan bo'lsa, bemalol qo'shimcha vazifalarni bajarib, bahosini ko'tarib olishi mumkin. Eng muhimi, bu ta'lim muassasalarida tolibi ilmning shaxsiyati qattiq hurmat qilinadi va baholar hech qachon barchaning oldida aytilmaydi, hamma o'z bahosini faqat o'zi ko'ra oladi. Mashg'ulotlar chog'i mavzularni yaxshi tushunmaganlar uchun professorlar alohida qo'shimcha dars soatlari o'tadilar. O'qishni astoydil xohlagan, harakat qilgan va izlanishda bo'lgan talabalar imtihondan yiqitilmaydilar.
Shuni ham aytib o'tishim joizki, AQSh universitetlarida mashg'ulotga kechikib kelgan, forma kiymagan, testda yaxshi ball to'play olmagan, uy vazifasini bajarmagan yoki oldingi darsga qatnashmagan yoshlar kursdoshdari oldida dakki eshitmaydilar. Bundan tashqari, baholarni «sotib olish»ning umuman iloji yo'q, chunki professorlar yetarlicha maosh olishadi. Demak, korruptsiyaga yo'l qo'yilmaydi. Ammo talaba ko'chirmakashligi, plagiatorligi, yolg'on gapirgani uchun uch martadan ortiq ogohlantirish olsa, universitetdan chetlatilishi hech gap emas. Hatto boshqa universitetga hujjat topshira olmasligi va mas'uliyatli vazifalarga ishga olinmasligi xavfi ham bor. AQSh ta'lim tizimida hamma fanlarga kreativ tarzda yondashiladi.
O'zDJTU xalqaro jurnalistika fakul'teti talabasi
Gulqumar JAQSILIKOVA suhbatlashdi
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0