“Internetga o'tkir pichoqdek qarang” — xalqaro darajadagi pedagog Iroda Ahmed
Internetdan ongli ravishda foydalanishni o'rganishimiz kerak. Uni ko'ngilxushlik vositasiga aylantirsak umrimizni isrof qilamiz.
Uyingizda vayfay bo'lsa 24 soat yoqmaslikka, faqat ma'lum soatlarda yoqishga odatlaning. Bolalaringizda istagan paytida internetga kirish imkoni bo'lmasin.
Sinab ko'ring. Internetdan uzilganingizda qandaydir xotirjamlikni his qilasiz, diqqatingiz jamlanadi.
Bolaning qo'liga internetga ulangan telfon berib qo'yish xuddi butun dunyodagi yaxshi -yomon kuchlar uchun bolangiz miyasiga eshik ochib berishga o'xshaydi. Aksincha, biz bolamizga dunyoni ochishimiz kerak, butun dunyo osonlikcha bolamizga erishib olmasin.
Tabiatan ayollar va bolalar tez ta'sirchan bo'ladi, ularga har qanday ma'lumot tez ta'sir o'tkazadi. Shuning uchun ehtiyot bo'lishimiz kerak.
Iloji bo'lsa bir daftar tuting, telfoningizni ochishdan oldin nima qilmoqchi ekaningizni o'ylab o'shanga yozing masalan:
1 ) falon kanalni tekshiraman
2) yangi maqolani o'qiyman
3) telegramdan zarur xabar kelgan bo'lsa javob beraman.
Mana shuni ongli ishlatish deyiladi, siz miyangizni ishlatyapsiz, ongsiz ravishda vayndan vaynga, suratdan suratga qarab soatlab vaqtingizni ketkazmaysiz, ruhiyatingiz sog'lom bo'ladi, o'zingizda aybdorlik hissi kamayadi, irodangiz kuchayadi.
Kimlarningdir yegani, kiygani, ichgani, yashaydigan uyini, ta'tilini kuzatishdan zarracha foyda yo'q, bunaqa narsalardan butunlay voz kechsangiz ko'p narsa yutasiz.
Yana ta'kidlayman, bolalarga ekran berishni cheklash lozim, xoh u televizor, telefon yoki planshet bo'lsin.
Biznikida televizor monitori bor, hech qanday kanalga ulanmagan, noutbukka ulab ba'zan kino ko'ramiz, 90% paytda o'chiq turadi.
Internetga xuddi o'tkir pichoqdek qarang, u noto'g'ri qo'lga tushib qolsa katta zarar yetkazishi mumkin. Zarar tezda emas, biroz muddat o'tib seziladi. Dunyodagi eng yirik texnologiya shirkatlarining rahbarlari o'z bolalarini internetdan qattiq himoya qilarkan. Shundan bilsangiz bo'laveradi nima ekanini.
Iroda Ahmed
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0