Mo''jizalar dunyosiga sayohat yoxud yana boboso'z izidan...
2022 yili “Boboso'z izidan” kitobimning to'ldirilgan, qayta nashri chop etilgach, o'zimda qattiq toliqish sezdim va endi bu mashaqqatli ish bilan shug'ullanmayman deb, menga ko'p qadrdon bo'lib ketgan lug'atlar va eski kitoblarni yig'ishtirib “sandiqqa solib” qo'ydim.
So'z bilan ishlash qanchalik maroqli bo'lmasin, baribir toliqar ekansan-da. Сhunki ba'zida bittagina so'zning ildizini ko'rish uchun 10-15ta kitobni titishga to'g'ri keladi. Buning ustiga o'ta sinchkov diqqat zarur. Xullas, bu qiyin ish.
Shuning uchun ham Vladimir Dal' bir vaqtlar “O'limga hukm qilinganlarni o'ldirib yubormaslik kerak, ularni lug'at tuzishda ishlatish kerak” degan.
Ushbu qarorimdan so'ng bir yarim yil davomida sevimli ishimdan uzoqda bo'ldim, qadrdon kitoblarim bilan oshnachilikni uzib qo'ydim. Lekin... Keyinroq ichimda sokin bir sog'inchni his qildim. Meni asta-asta yaxshi ko'rgan ishimning xumori tutayotgan edi. Yana qadimiy so'zlar, qadimiy kitoblar sari yo'l oldim. So'ng ko'pdan beri yo'qotgan narsamni topib olganday suyundim. Shu kunlarda deyarli har kuni so'zlar bilan ishlayapman. So'z insoniyat hayotidagi g'aroyib mo''jiza, ko'p sirlarni o'zida yashirib turadi.
Yaxshisi, gapni ko'paytirmasdan, keyingi vaqtlarda, aniqrog'i, shu kunlarda so'zlar bilan so'zlashib o'tirib, nimalarni topganimni sizlarga havola qilay. Bu topilmalar menga juda qiziq, umid qilamanki, sizlarga ham qiziq bo'ladi.
Ko'pik ustidagi ko'prik
Bu ikki so'zning ma'nosi haqida uzundan uzoq izoh berib o'tirishning hojati yo'q. Hamma taniydigan, hamma ishlatadigan so'zlar. Xo'sh, ularning bir-biriga qarindoshligi bormi? Yo aka-ukaday uyqash bu so'zlar shunchaki shakldoshmi? Ayniqsa, “ko'pik hosil qilish” ma'nosidagi ko'pir fe'li ko'prik so'ziga yanada uyg'un keladi.
Avvalo, bu ikki so'z ildizidagi ko'p so'ziga to'xtalaylik. Turkiy tillar etimologik lug'atida kӧp so'zi “puflash”, ”shish”, “ko'taril” ma'nolarini anglatadi deb izohlangan. Ko'prik, ko'pik, ko'pir so'zlarining o'zagida shu kӧp so'zi yotadi. Yana bir gap, o'tmishda shishirilgan meshlar va sanochlarni bir-biriga bog'lab daryoga ko'prik qilib o'tish hollari bo'lgan.
Yana bir jihatga e'tibor qilish kerak. “At-tuhfa lug'ati”da idishdagi sut qaymog'i ko'pik deb atalgani haqida yozilgan. E'tibor qilsangiz, qaymoq ham suyuq sutning yuzasida bo'ladi. Ko'pik ham faqat suv ustida bo'ladi. Ko'prik ham shunday.
Kӧp so'zi tuvaliklar tilida “ko'pirish“, “pol qoplamasi”, qalmoqlar tilida “egar yostig'i” ma'nosini anglatadi. Mahmud Koshg'ariyda egar ustiga kiygiziladigan yopinchiq “kӧpchuk” so'zida ifodalangan.
Negadir “Alisher Navoiy asarlari tili lug'ati”ning ikki nashrida ham qadimiy ko'pik so'zini uchratmadim.
Ko'prik so'zi bor:
“Ul dedikim, jamoatiki, daryodin ko'pruk bila nori yuzga o'tubturlar, chun ko'pruk birdur”. (“Tarixi muluki ajam”).
***
“Baqraymoq” so'zining “baqa” so'ziga aloqasi bormi?
Baqraymoq, baqraydi so'ziga “O'zbek tilining izohli lug'ati”da: “Hayrat va taajjubdan, qo'rquv yoki g'azabdan ko'zlarini katta ochib, chaqchayib qaramoq” deb izoh berilgan.
Bir qarashda, baqrayib qarashni baqa qarash deb ham tushunish mumkin. Сhunki, tilimizda qattiq hayratlanishni bildiradigan “baqa bo'lib qoldim” degan ibora ham bor. Asli shundaymikin? Ushbu iboradan “baqa yoki qurbaqa bo'lib qoldim” degan mazmun chiqadimi?
Bu yerda baqa so'zi boshqa ma'noda kelgan. “At-tuhfa” lug'atida “baqa qoldi” degan birikma “hayron qoldi” ma'nosini anglatishi haqida aytilgan:
baqa qaldï – hayron qoldi
baqa qaldïrdï – hayron qoldirdi
Hozirgi tilimizda hayratlanish ma'nosidagi baqa qaldï degan gap yo'q. Lekin bu so'z baqraydi fe'lining tomorqasida yashirinibgina yashab yuribdi.
“O'zbek tilining etimologik lug'ati”da “baqray” so'zining tub ildizi “sinchkovlik bilan qara” ma'nosidagi baq fe'lidan deb izohlangan.
***
“O't-o'lan”dagi o'lan nima?
O't-o'lan so'zini ko'p qo'llaymiz. Lekin bu birikmadagi o'lan nima ekanini bilmaymiz. Qadimgi tilimizda ho'l so'zi o'l(ӧl) shaklida, “h” siz qo'llangan, ӧl keyin ho'l bo'lib ketgan. Hozirgi tilimizda ho'l so'zining asl ko'rinishi o'l faqat o'lan so'zida saqlanib qolgan. “Turkiy tillar etimologik lug'ati”ga ko'ra, o'lan so'zi “yashil o't” va “o'tloq” ma'nosini bildirgan. Sersuv, yosh, ho'l o'tlarni o'lan deyishgan. O'lan aytishdagi o'lan so'zi boshqa mazmunda. Menimcha, aytishuv payti gapni gapga ulab ketish ma'nosida o'lan (ulan) deyishgan bo'lsa kerak.
Alisher Navoiy o'lan so'zini o'lang shaklida, “o't va giyoh” ma'nosida ham, “ashula” ma'nosida ham qo'llagan:
Vale suvlar bo'lub oyina ohang,
O'lang aylab ayon ul ko'zguda zang.
(“Farhod va Shirin” dostonidan).
Dasht uzra o'lang so'nggicha ketkay,
To maqsadu manzilga yetkay.
(“Layli va Majnun” dostonidan).
Bu yerda birinchi misoldagi o'lang – o't, giyoh, ikkinchi misloldagi o'lang – ashula mazmunida kelayapti.
Koshg'ariy o'lning ho'lga aylanishini dialektal hodisa deb aytgan. Tilimizdagi hovuch so'zi asli ovuch deyilgan. Hozirgi ho'kiz so'zining asli ham ӧküz(o'kiz) bo'lgan. Garchi, o't-o'langa ho'kizni oralatib yuborish nojoyiz tuyulsa-da, gap kelganda ho'kiz haqida ham ikki og'iz so'z aytib o'tsak. Bu so'zning bugungi “ho'kiz” ma'nosidan tashqari qadimda “cho'l odami”, “to'g'riso'z, ochiqko'ngil kishi” ma'nosida ham qo'llaganlar. Lekin buning aksi o'laroq, qo'pol, axmoq, betarbiya odamni ham ho'kiz deyishgan va ayni sifat hozirgacha xalq orasida saqlanib qolgan.
***
Otning maykasi – terlik
Otning tanasidan chiqqan terni o'tkazmaslik uchun egar ostidan qo'yiladigan qalin namat yoping'ichni tilimizda tergi deyishgan. Tergi qadimiy so'z. Uning shevalarda chirgi shakli ham bor.
Mahmud Koshg'ariyda bu so'z terlik shaklida keladi va shunday izohlanadi: terlik –jazlik, egar ostidan qo'yiladigan namat. Demak tergi yoki terlik otning maykasi ekan-da.
Tilimizga rus tilidan kirgan erkaklarning ichki kiyimini bildiradigan mayka so'zining o'zbekchasini topishga qiynalamiz. Hamma bir ovozdan mayka deydi. O'zbek tilida bu so'zni ifodalaydigan biror so'zni topib bering desangiz, javob ololmaysiz. Aslida tergi, terlik so'zlari mayka o'rnida bemalol qo'llansa bo'ladi. Сhunki mayka ham badandagi terni ustki kiyimlarga o'tkazmaydi.
***
Voronkaning o'zbekchasi nima?
Men tilimizga rus tilidan kirgan voronka so'zining o'zbekchasini topishga qiynalardim. Voronka so'zi hatto “O'zbek tilining izohli lug'ati”ga ham kirgan: “ichi teshik narsa, naycha” deb izohlangan. “Ichi teshik narsa” degani aniq bir narsani ifodalovchi so'z emas, ya'ni ot emas. Naycha esa, voronkaning mohiyatini ifodalab berolmaydi. Сhunki, naycha boshqa narsa. Shuning uchunmi, salkam yuz yillik til tarixida bu idish katta shaharlarimizdan chekka-chekka qishloqlarimizgacha voronka deb atalib keldi. Bomba yoki zambarakning o'qi portlagan joyda hosil bo'lgan chuqurlikni ham voronka deyishgan.
Holbuki, voronka so'zining muqobili qadimgi tilimizda bo'lgan. Qayum Karimovning “Qadimgi turkiy til lug'ati” kitobida aңut (angut) so'ziga shunday izoh beriladi:
Aңut – may va suyuqliklarni quyishda qo'llanadigan, asbob, idish, voronka, leyka.
Mahmud Koshg'ariy “Devoni”ning 1-tomida “Jurt kichik bolsa aңut bӭdÿk ur – Idish og'zi kichik bo'lsa, katta voronka qo'y” degan maqolni keltiradi va bu maqol kichik ishni katta qilib ko'rsatadigan kishiga nisbatan qo'llanadi, deb izohlangan.
Eshqobil ShUKUR,
O'zbekiston Respublikasida
xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0